Toshkent aeroportida giyohvandlik vositalari aylanmasiga chek qo‘yildi

Poytaxt aeroportida Bishkekdan uchib kelgan qo‘shni davlat fuqarosining yonidan giyohvandlik vositasi topildi. Bu haqda Bojxona qo‘mitasi ma’lum qildi.
U bojxonadan «yashil» yo‘lak orqali o‘tishga uringan vaqtida jomadoni tekshirilib, sport ozuqasi sifatida olib kirilayotgan 2 ta qutidagi 684 dona kapsula tarkibida 560,75 gramm «alfa-PVP» sintetik giyohvandlik moddasi borligi aniqlandi.

Mazkur holat yuzasidan Kontrabandaga qarshi kurashish sho‘’basi tomonidan Davlat xavfsizlik xizmati va ichki ishlar organlari bilan hamkorlikda Toshkent shahrida tezkor tadbir o‘tkazildi. Natijada ushbu moddaning qabul qiluvchisi Bektemir tumanida qo‘lga olindi.
Uning xonadoni ko‘zdan kechirilganda 114 dona kapsulada taxminan 80 gramm «alfa-PVP», 37 dona o‘ram, 2 gramm «marixuana», 30 gramm boshqa turdagi sintetik narkotik modda, 4 dona elektron tarozi hamda izolenta va zip paketlar aniqlanib, daliliy ashyo sifatida olindi.

Ma’lumot uchun, yil boshidan buyon aniqlangan 171 ta holatda 383 kilogrammdan ortiq giyohvandlik vositalarining noqonuniy aylanmasiga chek qo‘yilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Toshkent shahridagi narkolaboratoriya fosh qilingan edi.