
Centrum Air aviakompaniyasi 12 – 13-mart kunlari Toshkent — Dubay — Toshkent yo‘nalishidagi C6351 va C6352 reyslari bekor qilinganini ma’lum qildi.
Aviakompaniya bekor bo‘lgan reyslar yo‘lovchilariga aviachipta pulini to‘liq qaytarish yoki jarimasiz boshqa sanaga qayta bron qilish imkoniyati berilishini bildirdi.
Qaytarish yoki qayta rasmiylashtirish masalalari bo‘yicha yo‘lovchilar Centrum Air qo‘llab-quvvatlash xizmatiga murojaat etishi mumkin. Buning uchun callcenter@centrum-air.com elektron pochtasi yoki +998 55 518 88 88 telefon raqami orqali bog‘lanish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, 4-mart kuni UzAirways, CentrumAir va Qanot Sharq aviakompaniyalari Toshkent va Dubay o‘rtasida bir qator aviaqatnovlarni amalga oshirgandi. «Dunyo» axborot agentligi esa bu jarayondan keyin ikki shahar o‘rtasida reyslar bosqichma-bosqich tiklanayotganini ma’lum qilgandi.
28-fevraldan 7-mart kuni soat 10:00 holatiga qadar Madina va Jidda aeroportlaridan jami 63 ta reys amalga oshirildi. Ushbu parvozlar orqali 13 ming 543 nafar Oʻzbekiston fuqarosi mamlakatga qaytarildi. Shuningdek, Dubay aeroportidan bajarilgan 9 ta reys bilan yana 1 401 nafar fuqaro olib kelindi.
Transport vazirligi ma’lumotiga koʻra, Yaqin Sharq mamlakatlarida qolib ketgan fuqarolarning qariyb 95 foizi ushbu hududga turpaketlar orqali borgan. Ayrim holatlarda esa turoperatorlar mijozlari bilan aloqani uzib, ularni qiyin vaziyatda qoldirib ketayotgani qayd etilgan. Vazirlik turoperator va agentlarni fors-major sharoitida ham mijozlar bilan tuzilgan shartnomalarga qat’iy rioya qilishga chaqirdi.