Uzum kompaniyasi Oʻmon fondidan 130 mln dollar investitsiya jalb qildi

Uzum kompaniyasi Oʻmon suveren tuzilmalaridan $130 mlndan ortiq investitsiya jalb qildi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati Kursiv Uzbekistanʼga maʼlum qildi.
Kompaniyaning taʼkidlashicha, mablagʻ strategik investitsiya raundi doirasida jalb etilib, yetakchi investor Oʻmon Sultonligi suveren investitsiya fondi boʻldi. Bu bilan birga, moliyalashtirish raundida kompaniyaning joriy investorlari hisoblangan VR Capital, Tencent va FinSight Ventures ham ishtirok etdi. Bitim kompaniyaning aksiyadorlik kapitaliga investitsiyalar va tizimli moliyalashtirishni oʻz ichiga oladi.
Jalb etilgan mablagʻlar ekotizimning asosiy yoʻnalishlari — elektron tijorat, fintex servislarini yanada rivojlantirishga qaratilgan. Shuningdek, texnologik infratuzilmani kengaytirish va hududlar aholisi uchun zamonaviy raqamli servislardan foydalanish imkoniyatini oshirishga yoʻnaltiriladi.
Kompaniya bosh direktori Jasur Jumayevning taʼkidlashicha, kompaniya raqamli servislarni millionlab odamlar va biznes uchun ochiq qiladigan milliy miqyosdagi texnologik infratuzilmani izchil yaratmoqdamiz.
“Bugungi kunda biz uchun nafaqat oʻmonlik hamkorlarning yuqori bahosi, balki strategiyamizni qoʻllab-quvvatlab, Uzum oʻsishiga sarmoya kiritishda davom etayotgan dastlabki investorlarimizning ishonchi ham muhimdir. Mamlakatimiz ulkan salohiyatga ega va bugun biz buni yana bir bor butun dunyoga namoyish etdik, — deya taʼkidladi u.
Maʼlumot uchun, bugungi kunda Uzum servislaridan oyiga 20 milliondan ortiq fuqaro foydalanmoqda. 2025-yilda esa ekotizimning elektron tijorat yoʻnalishining aylanmasi 1,5 barobarga oʻsib, $500 milliondan oshdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan kompaniya 400 mlrd soʻmlik ikkinchi obligatsiyalar chiqarishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergan edi.