Volkswagen’ning foydasi 8,9 milliard yevroga qisqardi

Volkswagen kompaniyasining operatsion foydasi AQSh bojlari va Xitoy bozoridagi kuchli raqobat oqibatida 2025-yilda ikki barobardan ko‘proqqa qisqardi. Bu haqda Reuters xabar bermoqda.
Xitoy bozoridagi ulushning yo‘qotilishi va AQSh tomonidan joriy etilgan bojlar kompaniyaga milliardlab dollar zarar keltirgan. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, guruhning operatsion foydasi 8,9 mlrd yevroni tashkil etdi. Ushbu ko‘rsatkich tahlilchilar kutgan 9,4 mlrd yevrolik prognozdan past bo‘ldi. 2026-yil uchun daromad o‘sishi 0 dan 3 foizgacha bo‘lishi kutilmoqda.

Avto ishlab chiqaruvchi jahondagi eng yirik avtomobil bozori hisoblangan Xitoyda o‘z pozitsiyasini yo‘qotmoqda. 2024-yilda yetakchilikni BYD kompaniyasiga boy bergan bo‘lsa, 2025-yilda uchinchi o‘ringa tushib, Geely’dan ortda qoldi.
Moliya direktori Arno Antlits uzoq muddatli istiqbolda xarajatlarni qisqartirish siyosati qat’iy davom ettirilishini ta’kidladi. Strategik qayta qurish va xarajatlarni maqbullashtirish doirasida 2030-yilgacha Germaniyada taxminan 50 ming ish o‘rni qisqartirilishi maqsad qilingan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Li Auto Volkswagenni keskin tanqid qilgani haqida xabar bergan edi.