Sport

Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal termasi bosh murabbiyi etib tayinlandi

Ispaniyalik mutaxassis O‘zbekiston futzal federatsiyasi bilan ikki yillik shartnoma imzoladi
Foto: O‘zbekiston futzal federatsiyasi

Ispaniyalik mutaxassis Xose Mariya Mendes O‘zbekiston futzal bo‘yicha milliy terma jamoasining yangi bosh murabbiyi etib tayinlandi va ikki yillik shartnoma imzoladi. Bu haqda O‘zbekiston futzal federatsiyasi xabar bermoqda.

52 yoshli mutaxassis 2011–2012 hamda 2014–2017-yillarda ham O‘zbekiston terma jamoasiga ustozlik qilgan. Uning rahbarligida jamoa Osiyo chempionatida 2014-yili bronza, 2016-yili esa kumush medallarni qo‘lga kiritgan. Shuningdek, u mamlakat chempioni «Ardus» klubida ham faoliyat yuritib, yoshlar terma jamoasiga asos solgan.

Mendes 1974-yil 28-martda Ispaniyaning Lugo shahrida tug‘ilgan bo‘lib, 22 yoshida darvozabonlikni yakunlab, murabbiylikni boshlagan. Faoliyati davomida Ispaniya va Xorvatiya klublari, shuningdek, Tailand hamda Vyetnam milliy terma jamoalarini boshqargan.

Murabbiy sifatida ikki karra Osiyo kubogi vitse-chempioni va bronza medali sovrindori hisoblanadi. O‘zbekiston futzal federatsiyasi mutaxassis jamoa bilan yangi sahifalarni ochishiga ishonch bildirgan. Bosh murabbiyni tanishtiruv marosimi hamda brifing sanasi haqida qo‘shimcha ma’lumot berilishi kutilmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Osiyo kubogi doirasida O‘zbekiston Eronga imkoniyatni boy berib, musobaqani chorak finalda tark etgani haqida yozgan edi.