Yangiliklar

Yangi Audi A6L narxi 17,7 ming dollarga arzonlashdi

Savdolar pasayishi fonida avtomobilning boshlang‘ich narxi $46,7 ming getib belgilandi
Foto: Carnewschina

Xitoyda yangi Audi A6L modeli uchun oldindan buyurtmalar qabul qilinishi boshlandi va uning narxi oldingi avlodga nisbatan 122,9 ming yuanga ($17,7 ming) pasaytirildi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Foto: Carnewschina

Yangi model FAW-Audi qo‘shma korxonasi tomonidan ishlab chiqarilmoqda. Xitoy bozori talablariga moslashish maqsadida, avtomobil xalqaro versiyaga qaraganda 210 mmga uzaytirilgan va uning umumiy uzunligi 5,1 metrga yetgan. Mashina yangi Premium Platform Combustion (PPC) arxitekturasiga asoslangan bo‘lib, to‘rt kishi uchun qulay qilib ishlangan.

Foto: Carnewschina

Xaridorlarga to‘rt xil quvvat tizimi, jumladan, 150 kVt quvvatli 2 litrli dvigateldan tortib, 270 kVt quvvatga ega 3 litrli V6 gibrid variantigacha taklif etilmoqda. Avtomobil ichki qismida 11,9 dyuymli asboblar paneli, 14,5 dyuymli asosiy va 10,9 dyuymli yo‘lovchi ekrani o‘rnatilgan.

Foto: Carnewschina

Yangi modelning narxi komplektatsiyasiga qarab 323 ming yuandan ($46,7 ming) 436 ming yuangacha ($63 ming) etib belgilangan. Taqqoslash uchun, oldingi avlod modellari chegirmalarsiz 428 ming yuandan 559 ming yuangacha ($61,9 ming – $80,8 ming) baholangan edi. Narxlarning ushbu keskin tushirilishi Audi kompaniyasining dilerlik markazlari yopilishini to‘xtatish va savdo ko‘rsatkichlarini tiklash maqsadiga qaratilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Audi va SAIC hamkorligida yangi sportkar yaratilayotgani haqida xabar berilgan edi.