
Kia Janubiy Koreyada yangilangan Kia Niro modelini rasman taqdim etdi. Kompaniya The New Niro nomi bilan chiqarilgan yangilangan krossover uchun oldindan buyurtmalarni qabul qilishni boshladi.
Yangi model 2022-yilda taqdim etilgan ikkinchi avlod Niro’dan to‘rt yil o‘tib yangilangan versiya sifatida taqdim etildi. Facelift model yanada zamonaviy dizayn, yangi texnologiyalar va kengaytirilgan xavfsizlik tizimlari bilan jihozlangan.
Krossover kompaniyaning Opposites United dizayn falsafasi asosida yangilangan. Old qismida Star Map Signature Lighting kunduzgi chiroqlari qo‘llangan bo‘lib, ular avtomobilga futuristik ko‘rinish beradi. Orqa qismida esa diagonal LED chiroqlar va keng gorizontal chiziqlar ishlatilgan.

Salon ham sezilarli darajada yangilangan. Unda 12,3 dyuymli panoramali egri ekran o‘rnatilgan bo‘lib, u raqamli panel va multimedia tizimini birlashtiradi. Ikki rangli sport rul va premium materiallar interyerga yanada zamonaviy ko‘rinish beradi.
Yangi Niro 1,6 litrli gibrid tizim bilan jihozlangan. Uning umumiy quvvati 141 ot kuchini, aylanish momenti esa 27 kgf/mni tashkil qiladi. 16 dyuymli g‘ildiraklar bilan avtomobilning yoqilg‘i samaradorligi 20,2 km/l ga yetadi.
Modelda aqlli regenerativ tormoz tizimi ham mavjud. U navigatsiya ma’lumotlari va oldingi avtomobil bilan masofaga qarab tormoz kuchini avtomatik ravishda sozlaydi. Shuningdek, yangi Stay Mode funksiyasi mashina to‘xtab turganda dvigatelni yoqmasdan turib konditsioner va elektr jihozlardan foydalanish imkonini beradi.

Xavfsizlik tizimlari ham kengaytirilgan. Avtomobil 10 ta xavfsizlik yostiqchasi bilan jihozlangan. Shuningdek, Digital Key 2 tizimi orqali smartfon yordamida avtomobilni ochish, yopish va ishga tushirish mumkin. Modelda Highway Driving Assist 2, avtomatik favqulodda tormoz tizimi va rulni ushlab turishni nazorat qiluvchi tizim ham mavjud.
Yangilangan Niro Koreyada uchta komplektatsiyada sotiladi. Boshlang‘ich Trendy versiyasi 28,85 mln von ($21,4 ming), Prestige varianti 31,95 mln von ($23,7 ming), eng yuqori Signature komplektatsiyasi esa 34,64 mln von ($25,7 ming) narxda taklif qilinmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri 33 mingdan ortiq Kia Rio avtomobili chaqirib olinishi haqida yozgan edi.