Zakotni ramazon oyida berish shartmi

Zakot berish vaqti Ramazon oyiga bog‘liq emas. Muhimi, insonning mablag‘i nisob miqdoriga yetishi va o‘sha kundan boshlab bir yil o‘tishida. Bu haqda O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassislari Abdug‘ofur domla Niyozqulov va Habibulloh domla Abdulg‘affor ma’lumot berdi.
«Har bir mo‘min-musulmon odam o‘zini, misol uchun, nisobga yetgan, ya’ni mablag‘i o‘sha hojati asliyasidan tashqari mablag‘i nisobga yetgan vaqtini e’tiborga olib qo‘yishi kerak. Balki u Ramazondan oldin bo‘lishi ham mumkin. Ana shu yetgan vaqtdan boshlab bir yil aylansa, u odamga zakot chiqarishligi farz bo‘ladi. Garchi u Ramazondan oldin bo‘lsa ham yoki Ramazondan keyin bo‘lsa ham. Endi ko‘pchilik Ramazonda berishga harakat qiladi, buning sababi o‘sha, bilamiz, Ramazon oyi muborak oy. Bu oyda ozgina qilingan ibodatga Alloh taolo savobni ko‘paytirib beradi, deymiz. Ana shu maqsadda ko‘pchilik, masalan, Ramazonda shu zakotini bersam, ko‘plab ajrlarga ega bo‘lsam degan maqsadda qilinadi bu ish. Demak, bilish kerak bo‘lgan narsamiz, asosan, o‘sha nisobga yetishligi va bir yil aylanishligi. Garchi u Ramazon oyidan oldinroq bo‘lsa ham yoki Ramazondan keyin bo‘lsa ham, mana shu narsa e’tiborli ekan», – deydi Niyozqulov.
Ko‘pchilik zakotni Ramazon oyida berishga harakat qiladi. Buning sababi, Ramazon muborak oy bo‘lib, unda qilingan ibodatlar uchun savob ko‘proq bo‘lishiga ishoniladi. Shuning uchun odamlar zakotni ham shu oyda berib, ko‘proq ajr olishni istaydi.
«Bir narsa bor, ko‘pchilik bir e’tibor qilsa bo‘ladigan narsa bu ham, niyatga qarab o‘zgarib turar ekan-da. Ramazonda beramiz, savobi ko‘p bo‘ladi, deydi. Lekin sahobai kiromlar Ramazonga kirmasdan oldin Sha’bonda berib qo‘yishar ekan zakotlarini. Sha’bonda berishar ekan: qarzlari bo‘lsin, birov bilan oldi-berdi yoki ancha-muncha gap-so‘z qochgan bo‘lsa kechirim so‘rash, hamma-hammasini. Keyin zakotni ham Ramazonda berar ekanki, Ramazonga hech qanaqa qarzi bo‘lmasdan kiraylik. Ramazonning ichida ham shu mol-mulkni, pulni hisoblab yurmay, xotirjam ibodat qilay deb, mana bunaqa yo‘li ham bor ekan», – deya qo‘shimcha qildi O‘zbekiston musulmonlari idorasi Fatvo markazi bosh mutaxassisi Habibulloh domla Abdulg‘affor.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Shayx Nuriddin Xoliqnazar hazratlari «Saharlikdan keyin uxlagan odam ehtilom bo‘lsa, ro‘zasi ochiladimi?» degan savolga javob bergandi.