
Xitoyning Zeekr kompaniyasi yangi flagman krossoveri Zeekr 8X uchun oldindan buyurtmalarni 16-mart kuni boshlaydi. Bu haqda CarNewsChina nashri ma’lum qildi.
Modelning texnik taqdimoti ham shu kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan. Avtomobil joriy yilning ikkinchi choragida bozorga chiqadi. Yangi krossover SEA-S arxitekturasi asosida ishlab chiqilgan. Model plug-in gibrid tizim bilan jihozlangan. Unda Aurobay tomonidan ishlab chiqarilgan 2 litrli turbomotor ishlatiladi. Ushbu dvigatel 205 kVt yoki 275 ot kuchi quvvatga ega.

Yuqori komplektatsiyalarda avtomobil uch motorli megavattli tizim bilan taklif qilinadi. Bunday konfiguratsiyada umumiy quvvat 1 030 kVt yoki 1 381 ot kuchiga yetadi. Krossover 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 2 soniyada chiqishi mumkin.
Shassi qismi ham zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Unda 48 voltli faol stabilizator, ikki kamerali pnevmatik osma va uzluksiz amortizatsiya nazorati tizimi mavjud. Bu texnologiyalar avvalroq Zeekr 9X modelida ham qo‘llanilgan edi.

Batareyalar CATL va Geely qo‘shma korxonasi tomonidan yetkazib beriladi. Avtomobil uchun ikki xil NMC litiy batareya taklif qilinadi. 55,1 kVt/soatli batareya 256-257 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi. 70 kVt/soatli variant esa 328 km masofani bosib o‘tishi mumkin. Katta batareya 6C tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi.
Avtomobil yangi G-ASD aqlli haydash tizimi bilan jihozlangan. Tizim Nvidia ishlab chiqargan Drive Thor-U chipidan foydalanadi. Uning hisoblash quvvati 700 TOPS ga yetadi. Shuningdek, tom qismida lidar sensori o‘rnatilgan.

Zeekr 8X uzunligi 5 100 mm, kengligi 1 998 mm, balandligi 1 780 mm bo‘ladi. G‘ildirak bazasi esa 3 069 mmni tashkil qiladi. Avtomobil og‘irligi 2 660 kgdan 2 820 kggacha yetadi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, modelning boshlang‘ich narxi taxminan 430 ming yuan yoki $59 ming atrofida bo‘ladi. Yuqori komplektatsiyalar narxi esa 550 ming yuan yoki $75 mingdan oshishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Zeekr 8X’ning ichki dizayni namoyish etilgani haqida yozgan edi.