
Shavkat Mirziyoyev kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalari va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish jarayoni bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilda kimyo mahsulotlari eksportini $720 mlnga yetkazish vazifasi qo‘yildi. Qishloq xo‘jaligi uchun azotli o‘g‘itlar ishlab chiqarish 1,120 mln tonnaga, fosforli o‘g‘itlar 135 ming tonnaga, kaliyli o‘g‘itlar esa 222 ming tonnaga oshirilishi belgilandi.
Investitsiya loyihalari va yangi quvvatlar
Tarmoq va hududlar joriy yilda 133 ta loyihani amalga oshiradi, ularning umumiy qiymati $9,5 milliard bo‘lib, investitsiya jalb qilish hajmi $2,5 mlrdni tashkil etadi. Ulardan 24 ta strategik loyiha doirasida 1,3 milliard dollar investitsiya o‘zlashtirilishi va 7 ta yangi ishlab chiqarish quvvati ishga tushirilishi ko‘zda tutilgan.
Qo‘ng‘irot soda zavodi, «Samarqandkimyo» korxonasi va Dehqonobod kaliy zavodidagi loyihalar tanqidiy ko‘rib chiqildi. Mutasaddilarga investorlar bilan birgalikda loyihalarni jadallashtirib, belgilangan muddatlarda yakunlash topshirildi.
Fosfogips chiqindilarini qayta ishlash
«Ammofos-Maksam» korxonasida fosfogips chiqindilarini qayta ishlash, shu orqali sulfat kislotasi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqarish imkoniyatlaridan samarali foydalanish masalasi ham ko‘rib chiqildi.
Ilmiy va texnologik infratuzilma
Janubiy Koreyaning yetakchi kompaniyalari bilan hamkorlikda kimyo-texnologiya innovatsiya markazini tashkil etish rejalashtirilgani ma’lum qilindi. Markaz gaz va ko‘mir kimyosi, chuqur kimyoviy tahlil, sorbentlar, katalizatorlar, nano va kompozit materiallar sohalarida ilmiy tadqiqotlar olib boradi va Markaziy Osiyodagi yagona ilmiy-tadqiqot instituti sifatida faoliyat yuritadi.
Taqdimotda erituvchi moddalar, quruq sian tuzlari, kaustik soda, silikon va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish loyihalari, «Farg‘onaazot» va «Navoiyazot» korxonalarida quvvatlarni modernizatsiya qilish, Toshkent viloyatida maishiy kimyo vositalari hamda Birinchi rezinotexnika zavodida yangi turdagi shinalar ishlab chiqarish loyihalari borishi haqida ma’lumot berildi.
Raqamlashtirish va boshqaruv samaradorligi
«O‘zkimyosanoat» aksiyadorlik jamiyatida loyihalarni boshqarish samaradorligini oshirish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Jamiyat va uning tizimidagi korxonalarda ERP tizimi joriy qilinib, 21 ta vazirlik va idora hamda xarid operatorlari bilan integratsiya qilindi, 16 ta axborot tizimi yagona raqamli platformaga birlashtirildi.
Shu bilan birga, sun’iy intellekt texnologiyalari yordamida moliyaviy holat tahlili, mineral o‘g‘itga ehtiyojni bashorat qilish va fermergacha yetkazish jarayonlari raqamlashtiriladi. Hisob palatasi bilan hamkorlikda energiya resurslarini tejash, xomashyo xarajatlarini qisqartirish va raqamlashtirish orqali mahsulot tannarxi 10–15 foizga kamayadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Neft va gaz sohasida 11 ta yangi quduq ishga tushirilgani haqida xabar bergan edik.