Yangiliklar

Adliya va Energetika vazirliklari hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi

Prezident farmoni
Adliya vazirligi, Energetika vazirligi va Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi
Foto: internet

2026-yil 1-apreldan Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limlari tashkil etiladi. Bunga doir prezident farmoni qabul qilindi.

Hujjat bilan 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi.

Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun zarur mablag‘larni budjet parametrlari doirasida hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan yo‘naltiradi.

Davlat xavfsizlik xizmati milliy axborot tizimlari va resurslarining zamonaviy kiberxavflarga bardosh berish darajasini oshirish maqsadida ularning kamchiliklarini aniqlash bo‘yicha mustaqil ekspertlar ishtirokida tanlovlar o‘tkazadi. Bu tanlovlar Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan belgilangan maxsus elektron platforma orqali tashkil etiladi.

Bundan oldin ijtimoiy tarmoqlarda ayrim davlat axborot tizimlaridan O‘zbekiston fuqarolarining shaxsiy ma’lumotlari tarqalgani haqida xabarlar chiqqandi. Kiberxavfsizlik markazi ushbu holat yuzasidan o‘rganish ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi.

Keyinroq Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov 27 – 30-yanvar kunlari uchta davlat idorasiga uyushtirilgan kiberhujumlar natijasida 60 mingga yaqin fuqaroning ma’lumotlari sizib chiqqanini tasdiqladi.

Kiberhujumlarni bartaraf etish doirasida axborot infratuzilmalariga ruxsatsiz kirishlarga chek qo‘yilib, texnik himoya vositalari kuchaytirilgan. Shuningdek, Yagona identifikatsiya tizimida xavfsizlik choralari oshirilib, fuqarolarga o‘z shaxsiy ma’lumotlarini boshqa tizimlarga taqdim etishni nazorat qilish yoki cheklash imkoniyati yaratilgan.