
Bloger Sirojiddin Odilov tovlamachilik bilan qamoqqa olindi. Bu haqda Samarqand viloyati ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qildi.
Xabarga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati Pastdarg‘om tumani sudi Odilovga nisbatan ehtiyot chorasi sifatida qamoqqa olishga sanksiya bergan. U O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi, ya’ni tovlamachilikda gumon qilinmoqda.
Ichki ishlar organlari ma’lumotiga ko‘ra, Pastdarg‘om tumanida yashovchi 1961-yilda tug‘ilgan fuqaro R.X. tuman IIBga ariza bilan murojaat qilgan. Arizada aytilishicha, u 2024-yil avgust oyida Toshkent shahrida yashovchi 1980-yilda tug‘ilgan S.A.ga boshqa shaxs bilan o‘rtasidagi moliyaviy masalani hal qilib berishni so‘rab murojaat qilgan.
Ma’lum qilinishicha, S.A. vakolatli shaxs bo‘lmasa-da, masalani jabrlanuvchi foydasiga hal qilib berish evaziga undan ma’lum miqdorda pul olgan. Biroq hozirgacha va’dasini bajarmagan va jabrlanuvchini aldab kelgani aytilmoqda.
Mazkur holat yuzasidan blogerga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan va tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Demokrat.uz rahbari pora bilan ushlangani haqida yozgan edi.