Buxoroda yangi xalqaro aeroport qurilishi uchun tender e’lon qilindi

Uzbekistan Airports, Transport hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ishtirokida davlat-xususiy sheriklik (DXSH) asosida yangi Buxoro xalqaro aeroportini qurish va boshqarish loyihasi uchun tender jarayonini boshladi. Bu haqda UzAirports rasmiy sahifasida ma’lum qildi.
Loyiha doirasida Buxoro tumani Qumsulton massivi hududida zamonaviy aeroport majmuasini barpo etish rejalashtirilgan. Yangi aeroport ichki va xalqaro reyslarga xizmat ko‘rsatib, mintaqaning muhim transport markazlaridan biriga aylanishi kutilmoqda.
2025-yil yakunlariga ko‘ra, Buxoro xalqaro aeroporti orqali 574 mingdan ortiq yo‘lovchi tashilgan bo‘lib, ularning katta qismi xalqaro qatnovlarga to‘g‘ri kelgan.
Loyiha doirasida quyidagi obyektlar qurilishi rejalashtirilgan:
- 48,5 ming m² maydonga ega yangi yo‘lovchi terminali. Terminalning o‘tkazish quvvati xalqaro reyslarda soatiga 1,2 ming, ichki reyslarda esa 400 yo‘lovchini tashkil etadi;
- Keytering binosi, avtoturargohlar hamda yuklarga xizmat ko‘rsatish maydonlari;
- 8 ming m³ sig‘imga ega yoqilg‘i quyish majmuasi.
Aerodrom infratuzilmasi davlat tasarrufida qoladi. Xususiy investor esa yo‘lovchi terminali va unga tegishli infratuzilmani qurish hamda boshqarish uchun mas’ul bo‘ladi.
Tenderda shunga o‘xshash yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish tajribasiga ega xalqaro va mahalliy kompaniyalar ishtirok etishi mumkin.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaponiya Toshkent va yangi aeroport o‘rtasidagi metro qurilishiga jalb etilishi mumkinligi haqida yozgandi.