
Xitoyning yirik elektromobil ishlab chiqaruvchilaridan biri — BYD Formula 1 musobaqasiga qo‘shilish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya Ferrari va McLaren kabi mashhur jamoalar bilan raqobat qilish uchun F1’ga kirishni muhokama qilmoqda. BYD bu orqali o‘z brendining global tanilishini oshirishni va xalqaro bozordagi savdolarini kengaytirishni maqsad qilgan.
BYD 2022-yil mart oyida faqat ichki yonuv dvigatelli avtomobillar ishlab chiqarishni to‘xtatib, to‘liq elektromobillar va plug-in gibrid modellar ishlab chiqarishga o‘tgan. Agar kompaniya Formula 1’ga kirsa, u so‘nggi paytda musobaqaga qo‘shilgan yangi jamoalardan biriga aylanadi. Masalan, GM qo‘llab-quvvatlayotgan Cadillac jamoasi ham yaqinda F1’ga kirgan.
2026-yildan Formula 1 qoidalarida ham katta o‘zgarishlar kuchga kirdi. Yangi texnik reglamentlarga ko‘ra, poyga avtomobillarida elektr quvvatining ulushi sezilarli darajada oshirildi. Endilikda F1 dvigatellari taxminan 50 foiz elektr energiyasiga tayangan gibrid tizimlardan foydalanadi.

Xabarlarga ko‘ra, BYD poyga texnologiyalarida o‘zining premium brendi Yangwang ishlanmalaridan foydalanishi mumkin. Ushbu brend 2023-yilda taqdim etilgan bo‘lib, uning eng kuchli modeli U9 superkari to‘rt mustaqil elektromotorli platformaga ega. Avtomobil quvvati qariyb 960 kVt yoki 1287 ot kuchiga yetadi va 0 dan 100 km/soat tezlikka taxminan 2,3 soniyada chiqadi.
Hozircha BYD Formula 1’ga yangi, 12-jamoa sifatida qo‘shiladimi yoki mavjud jamoalardan birini sotib oladimi — aniq emas. Ayrim xabarlarda kompaniya Renault’ga tegishli Alpine jamoasini sotib olish imkoniyatini ham ko‘rib chiqayotgani aytilmoqda.
Shuningdek, BYD boshqa yirik poyga musobaqalari bilan ham qiziqmoqda. Kompaniya Jahon chidamlilik chempionatida (WEC) qatnashish imkoniyatini ham o‘rganmoqda. Shu bilan birga, Xitoyning boshqa avtomobil brendlari ham motorsportga kirishga qiziqish bildirmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD 5 daqiqalik tez zaryadlash tarmog‘ini kengaytirgani haqida yozgan edi.