
UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichi doirasida Italiyaning «Atalanta» hamda Germaniyaning «Bavariya» jamoalari to‘qnash keldi. Uchrashuvda «Bavariya» yirik hisobda g‘alaba qozondi.
O‘yinning dastlabki daqiqalaridanoq «Bavariya» o‘zining hujumkor salohiyatini namoyish etdi. Uchrashuvning 12-daqiqasida Yosip Stanishich Serj Gnabrining uzatmasidan so‘ng hisobni ochdi. Oradan 10 daqiqa o‘tib, 22-daqiqada Dayo Upamekanoning uzatmasini Maykl Olise golga aylantirdi. 25-daqiqada Serj Gnabri jamoasining uchinchi golini kiritdi. 39-daqiqada «Bavariya» yarim himoyachisi Konrad Laymer hakam tomonidan sariq kartochka bilan jazolandi.
Tanaffusdan keyin ham vaziyat myunxenliklar foydasiga ishlashda davom etdi. 52-daqiqada Nikolas Jekson Luis Diasning pasini yakunlab, hisobni 0:4 ko‘rinishiga keltirdi. 64-daqiqada esa Maykl Olise Alfonso Devisning uzatmasidan so‘ng o‘zining o‘yindagi ikkinchi golini urdi.
Golli shou buning o‘zi bilan to‘xtab qolmadi. 67-daqiqada Jamol Musiala Nikolas Jeksonning assistentligida «Atalanta» darvozasiga oltinchi to‘pni yo‘lladi. Asosiy vaqtga qo‘shib berilgan daqiqalarda Mario Pashalich hisobni bittaga qisqartirdi. Yakuniy hisob 1:6. Myunxenliklar ushbu o‘yin orqali chorak final masalasini deyarli hal qilishdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Galatasaroy» Chempionlar Ligasida «Liverpul»ni mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.