
AvtoVAZ Lada Largus CNG modelining gaz va benzin bilan ishlaydigan yangi bazaviy komplektatsiyalarini taqdim etdi. Yangilik tufayli avtomobilning boshlang‘ich narxi ancha arzonlashdi, deya yozmqoda Tarantas News nashri.
Endilikda Largus universali Classic, furgon versiyasi esa Comfort komplektatsiyasida taklif qilinadi. Ularning narxi mos ravishda taxminan $17,3 ming va $17,7 mingni tashkil etadi.
Yo‘lovchi tashishga mo‘ljallangan universal versiya ABS tizimi, old xavfsizlik yostiqchasi, konditsioner, to‘rtta elektr oynalar va masofadan boshqariladigan kalit bilan jihozlangan. Furgon esa ABS, konditsioner, old yo‘lovchi xavfsizlik yostiqchasi, elektr oynalar, yon oynalarni elektr boshqarish va uch bosqichli o‘rindiq isitish tizimiga ega.
Avval taqdim etilgan Drive komplektatsiyasi universali uchun taxminan $23,5 ming, furgon uchun esa $23 ming etib belgilangan. Ushbu versiyada orqa kamera, multimedia tizimi, yomg‘ir va yorug‘lik datchiklari, parkovka yordamchisi hamda old oynani isitish funksiyalari mavjud.
Lada Largus CNG 1,6 litrli 90 ot kuchiga ega dvigatel va 5 pog‘onali mexanik uzatma bilan jihozlangan. Avtomobil 50 litrli benzin baki bilan birga, pol ostiga joylashtirilgan 90 litrli uchta gaz balloniga ega. Shu sababli modelning umumiy yurish zaxirasi 1000 kilometrdan ortiqni tashkil etadi.
Avvalroq «Kursiv» nashri Lada Largus O‘zbekistonda mahalliy brend nomi ostida ishlab chiqarilishi haqida yozgandi.