Endilikda Toshkentdagi uylarning oʻrtacha kvadrat metr narxlari e’lon qilinadi

Bundan buyon Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi Toshkent shahrida uy-joylarning o‘rtacha kvadrat metr narxlarini muntazam e’lon qilib boradi. Bu haqda qo‘mita raisi Sherzod Kudbiyev Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, narxlar har bir tuman kesimida alohida ko‘rsatiladi. Masalan, Yakkasaroy, Mirzo Ulug‘bek, Uchtepa yoki Sergeli tumanlarida bir kvadrat metr uy narxi o‘rtacha qancha ekanini fuqarolar ochiq ma’lumot sifatida bilib boradi.
«Biz Toshkent shahridagi o‘rtacha kvadrat metr narxlarini e’lon qilib borishimiz kerak. Odamlar bilishi kerak, uy kvadrat metri qanchaga tushyapti, Yakkasaroyda qanchaga tushyapti, Mirzo Ulug‘bekda qanchaga tushyapti, Uchtepada qancha bo‘lyapti-yu, Sergelida necha pul bo‘lyapti? Mana shu narxlarni doim e’lon qilib borsak, ya’ni bir qavatli uylarga investitsiya kiritmang. Bu uylarning qiymati kichkina bo‘lib qoladi. Ertaga snos bo‘lsa agar, sizga baribir mana shu qiymatda, umumiy qiymatda mana shunday bo‘ladi, deb odamlarga ko‘proq axborot berishimiz kerak», — deydi Kudbiyev.
Bunday ochiq ma’lumotlar investorlar va uy xaridorlariga ham qaror qabul qilishda yordam beradi. Xususan, qaysi hududlarda renovatsiya bo‘lishi mumkinligi yoki past qavatli uylar joylashgan hududlarga investitsiya kiritish masalalarini oldindan baholash imkoniyati paydo bo‘ladi.
Shuningdek, fuqarolar Toshkent shahrining ochiq bosh rejasidan foydalanib, qaysi hududlarda kelajakda o‘zgarishlar bo‘lishi mumkinligini ham bilib olishi mumkin. Bu esa uy-joy bozoridagi ma’lumotlarning yanada shaffof bo‘lishiga xizmat qiladi.
Eslatib o‘tamiz, noqonuniy qurilishlar uchun moliyaviy sanksiya joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ta’kidlanishicha, hozir ayrim quruvchilar ruxsatsiz qurilish olib borishi yoki ruxsat etilgan qavatdan ko‘proq bino qurishi holatlari uchramoqda. Ba’zi holatlarda qurilish uchun hujjat bo‘lmasa ham uylar sotib yuboriladi. Natijada fuqarolar mablag‘ini yo‘qotib, jabr ko‘rmoqda.
Bunday holatlarning oldini olish uchun Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, shaharsozlik normalarini qo‘pol ravishda buzgan quruvchilarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi.