Yangiliklar

Eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi 1-iyulgacha qabul qilinishi mumkin

Qonun loyihasi parlamentga mart yoki aprel oylarida kiritilishi kutilmoqda
Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish «Mening uyim» tizimi orqali amalga oshiriladi
Foto: Depositphotos

O‘zbekistonda uy-joy qurilishida eskrou tizimini joriy etish bo‘yicha qonun loyihasi tayyorlandi. Hozirda hujjat Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilmoqda va yaqin oylar ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi rejalashtirilgan.

Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyevning aytishicha, hukumat oldida ushbu qonunni 1-iyulgacha qabul qilish vazifasi turibdi. Agar loyiha parlamentga mart yoki aprel oylarida kiritilsa, bu katta natija bo‘ladi.

«Eskrouning asosiy ma’nosi nima? Agar tadbirkorlik subyekti biror narsani, uy-joyni quraman desa, quraversin, hech kimning e’tiroz yo‘q. Lekin agar bu qurilishga odamlardan pul olaman desa, buni qonun bilan tartibga solishimiz kerak. Hozir mana shu jarayon bo‘yicha qonun yo‘q, tartib yo‘q. Mana shuni kelishib olishimiz kerak», – dedi u Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan o‘tkazilgan matbuot anjumanida.

Qonun loyihasida quruvchi qancha mablag‘ jalb qilishi mumkinligi, qurilish o‘z vaqtida tugallanmasa kim javob berishi, quruvchi bankrot bo‘lsa aholi pulini qanday qaytarib olishi kabi masalalar belgilanishi ko‘zda tutilmoqda.

«Ertaga uni xomligicha qabul qilib qo‘ysak, bizni tanqid qilishni boshlashadi. Shuning uchun uni pishirib olib chiqish kerak. Bizda topshiriq bor: 1-iyulgacha qabul qilinishini ta’minlash. Shunga harakat qilyapmiz. Hozir hujjat Vazirlar Mahkamasida, Adliya vazirligi bilan ishlayapmiz», – dedi Kudbiyev.

Qurilish vaziri Sherzod Hidoyatovga ko‘ra, eskrou tizimi aslida hozir ham ixtiyoriy tarzda ishlamoqda. Ayrim banklar va developerlar ushbu tizimdan foydalanib ko‘rmoqda. Bunda fuqarolar puli bankdagi maxsus hisobda saqlanadi va qurilish ma’lum bosqichga yetgandan keyingina quruvchiga beriladi.

Qonun qabul qilingach eskrou tizimi majburiy tartibda joriy etiladi va butun O‘zbekiston bo‘ylab qo‘llaniladi. Bu uy-joy sotib olish jarayonini xavfsizroq qilishga xizmat qiladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ko‘chmas mulk va avtotransport savdosida yangi tartib joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Yangi tartibga ko‘ra, ko‘chmas mulk obyektlari, shuningdek, ishlab chiqarilganiga 10 yildan oshmagan M, N, O va G toifasidagi avtotransport vositalari savdosi bo‘yicha hisob-kitoblar eskrou hisobvarag‘i orqali amalga oshiriladi.