
Forbes nashri dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangiladi. 2026-yilda dunyoning eng boy odami yana Ilon Mask bo‘ldi.
Maskning boyligi $839 mlrdga yetgan. Uning asosiy aktivlari Tesla va SpaceX kompaniyalari hisoblanadi. So‘nggi bir yil ichida uning boyligi $497 mlrdga oshgan. Ikkinchi o‘rinni Google asoschisi Larri Peyj egalladi. Uning boyligi $257 mlrdga baholanmoqda.
Uchinchi o‘rinda yana bir Google asoschisi Sergey Brin joylashdi. Uning boyligi $237 mlrdni tashkil etdi. To‘rtinchi o‘ringa Amazon asoschisi Jeff Bezos tushdi. Uning boyligi $224 mlrdga teng.
Reyting:
| O‘rin | Ismi | Boyligi | Asosiy manba |
|---|---|---|---|
| 1 | Ilon Mask | $839 mlrd | Tesla, SpaceX |
| 2 | Larri Peyj | $257 mlrd | |
| 3 | Sergey Brin | $237 mlrd | |
| 4 | Jeff Bezos | $224 mlrd | Amazon |
| 5 | Mark Sukerberg | $222 mlrd | Meta |
| 6 | Larri Ellison | $190 mlrd | Oracle |
| 7 | Bernar Arno va oilasi | $171 mlrd | LVMH |
| 8 | Jensen Xuang | $154 mlrd | Nvidia |
| 9 | Uorren Baffet | $149 mlrd | Berkshire Hathaway |
| 10 | Amansio Ortega | $143,3 mlrd | Zara (Inditex) |
Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilda dunyoda rekord darajada – 3,4 ming nafar milliarder qayd etilgan. Bu ko‘rsatkich 2025-yildagiga nisbatan 400 taga ko‘p. Ularning umumiy boyligi $20,1 trlnga yetdi.
Eng ko‘p milliarderlar AQShda yashaydi. Bu mamlakatda 989 nafar milliarder bor. Xitoy va Gonkong ikkinchi o‘rinda bo‘lib, ularda 610 nafar milliarder yashaydi. Hindiston esa 229 nafar milliarder bilan uchinchi o‘rinni egallagan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Kiyosaki boy va kambag‘al investorlar o‘rtasidagi farqlarni tushuntirgani haqida yozgan edi.