
UEFA Chempionlar Ligasi 1/8 final bosqichi doirasida Turkiyaning «Galatasaroy» klubi o‘z maydonida Angliyaning «Liverpul» jamoasi ustidan 1:0 hisobida g‘alaba qozondi. Uchrashuvdagi yagona va hal qiluvchi gol o‘yinning 7-daqiqasida kiritildi.
Uchrashuvning 7-daqiqasida Viktor Osimxenning uzatmasidan so‘ng Mario Lemina darvozani aniq nishonga olib, hisobni ochdi. «Liverpul» tezkor goldan so‘ng tashabbusni o‘z qo‘liga olishga harakat qilgan bo‘lsa-da, hisobni tenglashtira olmadi. O‘yin davomida keskinlik yuqori bo‘lib, hakam bir necha bor ogohlantirishlar berishga majbur bo‘ldi.
Ingliz klubi safida 34-daqiqada Milosh Kerkez, 55-daqiqada esa Virdjil van Deyk sariq kartochka bilan jazolandi. O‘yin so‘ngida, 88-daqiqada «Liverpul» yarim himoyachisi Rayan Gravenberx, 90-daqiqada esa «Galatasaroy» himoyachisi Davinson Sanches qo‘polligi uchun ogohlantirildi.

Uchrashuvning asosiy vaqtiga hakam tomonidan qo‘shib berilgan daqiqalarda ham hisob o‘zgarmadi. Ushbu g‘alaba orqali «Galatasaroy» chorak final yo‘llanmasi uchun kechadigan javob uchrashuvi oldidan ustunlikka ega bo‘ldi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yevropa Chempionlar Ligasining pley-off bosqichiga qur’a tashlangani haqida xabar bergan edi.