
Gavayining Katta orolidagi Kilauea vulqoni otilishi oqibatida lava favvoralari 300 metr balandlikkacha ko‘tarildi va vulqon qoldiqlari yog‘ishi sababli milliy park hamda magistral yo‘llar qisman yopildi.
10-mart kuni boshlangan mazkur jarayon 2024-yilning dekabr oyidan beri kuzatilayotgan otilishlarning qirq to‘rtinchisi hisoblanadi. Lava faqat vulqon krateri ichida, Gavayi vulqonlari milliy parki hududida qolmoqda va turar joy binolari uchun bevosita xavf tug‘dirmayapti.
Shunga qaramay, vulqon kuli va tefra deb ataluvchi shishasimon qoldiqlar yog‘ishi oqibatida milliy park hamda orol bo‘ylab harakatlanishda muhim ahamiyatga ega bo‘lgan trassaning bir qismi vaqtincha yopildi. Milliy ob-havo xizmati kul yog‘ishi bo‘yicha rasmiy ogohlantirish e’lon qildi.
Gavayi okrugi rasmiylari yo‘llar yopilishidan jabr ko‘rgan aholi va sayyohlar uchun maktab sport zalida vaqtinchalik boshpana tashkil qildi. Vulqon kuli ko‘z, teri va nafas olish tizimini zararlashi, shuningdek, yomg‘ir suvini yig‘ish tizimlarida jiddiy muammolarni yuzaga keltirishi mumkin. Kilauea dunyodagi eng faol vulqonlardan biri hisoblanadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Kolumbiyada kuchli loy vulqoni otilgani haqida xabar bergan edi.