
Kursiv Uzbekistan 11-mart kuni e’lon qilingan yangiliklarning muhimlarini bir joyga jamladi.
Forbes dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangiladi

Forbes nashri dunyoning eng boy insonlar ro‘yxatini yangiladi. 2026-yilda dunyoning eng boy odami yana Ilon Mask bo‘ldi.Maskning boyligi $839 mlrdga yetgan. Uning asosiy aktivlari Tesla va SpaceX kompaniyalari hisoblanadi. So‘nggi bir yil ichida uning boyligi $497 mlrdga oshgan.
Ikkinchi o‘rinni Google asoschisi Larri Peyj egalladi. Uning boyligi $257 mlrdga baholanmoqda. Uchinchi o‘rinda yana bir Google asoschisi Sergey Brin joylashdi. Uning boyligi $237 mlrdni tashkil etdi. To‘rtinchi o‘ringa Amazon asoschisi Jeff Bezos tushdi. Uning boyligi $224 mlrdga teng.
Gavayida Kilauea vulqoni 300 metrlik lava favvorasini hosil qildi

Gavayining Katta orolidagi Kilauea vulqoni otilishi oqibatida lava favvoralari 300 metr balandlikkacha ko‘tarildi va vulqon qoldiqlari yog‘ishi sababli milliy park hamda magistral yo‘llar qisman yopildi.
10-mart kuni boshlangan mazkur jarayon 2024-yilning dekabr oyidan beri kuzatilayotgan otilishlarning qirq to‘rtinchisi hisoblanadi. Lava faqat vulqon krateri ichida, Gavayi vulqonlari milliy parki hududida qolmoqda va turar joy binolari uchun bevosita xavf tug‘dirmayapti.
Adliya va Energetika vazirliklari hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlik bo‘limlari tashkil etiladi

2026-yil 1-apreldan Adliya vazirligi, Energetika vazirligi hamda Soliq qo‘mitasida kiberxavfsizlikni ta’minlash bo‘limlari tashkil etiladi. Bunga doir prezident farmoni qabul qilindi. Hujjat bilan 2026 – 2030-yillarga mo‘ljallangan kiberxavfsizlik strategiyasi tasdiqlandi. Unga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab davlat organlari va tashkilotlari kiberxavfsizlikni ta’minlash uchun zarur mablag‘larni budjet parametrlari doirasida hamda budjetdan tashqari jamg‘armalar hisobidan yo‘naltiradi.
Chempionlar ligasi: «Barselona» «Nyukasl» bilan durang o‘ynadi

UEFA Chempionlar ligasining 1/8 final bosqichi ilk uchrashuvida Angliyaning «Nyukasl» hamda Ispaniyaning «Barselona» klublari 1:1 hisobida durang o‘ynadi. Sent-Jeyms Park stadionida bo‘lib o‘tgan uchrashuvning asosiy voqealari ikkinchi bo‘limning so‘nggi daqiqalariga to‘g‘ri keldi.
86-daqiqada Jeykob Merfining uzatmasidan so‘ng Xarvi Barns raqib darvozasini ishg‘ol qilib, mezbonlarni hisobda oldinga olib chiqdi. Biroq o‘yin tugashiga bir necha daqiqa qolganda jarima maydonchasiga yorib kirgan Dani Olmo chalib yiqitildi. Hakam o‘n bir metrlik jarima zarbasini belgiladi. Lamin Yamal penaltini aniq amalga oshirib, muvozanatni tikladi va jamoasini mag‘lubiyatdan qutqarib qoldi.
«Open budjet»ning birinchi mavsum ovoz berish jarayoni boshlandi

O‘zbekistonda «Tashabbusli budjet» dasturining 2026-yilgi birinchi mavsumi doirasida loyihalar uchun ovoz berish bosqichi boshlandi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi xabar berdi. Ovoz berish jarayoni 20-mart kuni soat 23:59 gacha davom etadi. Fuqarolar loyihalarni qo‘llab-quvvatlash uchun «Ochiq budjet» portali veb-sahifasi, uning mobil ilovasi yoki Telegramdagi rasmiy bot orqali ovoz berishlari mumkin.
Pavel Durovning boyligi ikki baravardan ko‘proq kamaydi

Forbes nashri hisob-kitobiga ko‘ra, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning boyligi keskin kamaydi. 2025-yilda $17,1 mlrd deb baholangan uning boyligi hozir $6,6 mlrd atrofida ekani aytilmoqda. Mutaxassislar bunga, asosan, texnologiya bozoridagi vaziyat yomonlashgani sabab bo‘lganini qayd etgan. Telegram qiymatini baholashda investorlar kompaniyaning daromadlari va boshqa messenjerlar bilan taqqoslash natijalariga e’tibor qaratmoqda.
Masalan, Telegramning asosiy raqobatchilaridan biri Snapchat’ning oylik foydalanuvchilari soni 2025-yil oxiriga kelib 946 mln bo‘lgan. Telegram foydalanuvchilari esa 1 mlrddan ko‘p. Biroq Snapchat’ning 2025-yildagi daromadi $5,9 mlrd bo‘lsa, Telegram daromadi taxminan $2 mlrd deb baholanmoqda.
O‘zbekistondagi xorijiy korxonalar soni 18 mingdan oshdi

2026-yilning 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda chet el investitsiyalari ishtirokida jami 18,5 mingta korxona faoliyat yuritmoqda. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi. Iqtisodiy faoliyat turlari bo‘yicha eng ko‘p xorijiy korxonalar savdo sohasida (6,6 mingta) ro‘yxatga olingan. Sanoat tarmog‘i 3,8 mingta korxona bilan ikkinchi, qurilish sohasi esa 1,4 mingta korxona bilan uchinchi o‘rinni egallab turibdi.
General Motors ehtiyot qismlar bozoriga qaytmoqda

General Motors Hindiston bozoriga qaytishini e’lon qildi. Ammo bu safar kompaniya avtomobil sotishni rejalashtirmayapti, deb yozmoqda Tarantas News nashri. GM tez rivojlanayotgan xizmat va ehtiyot qismlar segmentiga yo‘naltiriladi va global ACDelco brendini qayta ishga tushiradi.
ACDelco mahsulotlari Assurance International Limited kompaniyasi bilan litsenziya shartnomasi asosida ishlab chiqariladi va tarqatiladi. Dastlab motor yog‘lari va batareyalar ishlab chiqarilib, kelgusi uch yil ichida yangi batareya ishlab chiqarish zavodi qurilishi rejalashtirilgan.
Trampning Eron haqidagi bayonotidan keyin neft narxi pasaydi

AQSh prezidenti Donald Tramp Eron bilan harbiy harakatlar tez orada yakunlanishini e’lon qilganidan so‘ng 10-mart kuni jahon bozorida neft narxi keskin tushib ketdi. Bu haqda CNN xabar bermoqda. Jahon bozorida Brent markali neft 11,28 foizga arzonlashib, bir barreli uchun narxi $87,8 ga tushdi. WTI esa 11,94 foizga pasayib, $83,4 ni tashkil qildi. Bunga qadar dushanba kuni neft narxi 2022-yildan beri ilk bor bir barrelli $100 ko‘rsatkichdan oshib ketgan edi.
