Avto

GM yangi Chevrolet Spark narxini qayta ko‘rib chiqmoqchi

Braziliya bozorida
GM yangi Chevrolet Spark narxini qayta ko‘rib chiqmoqchi
Foto: GM Authority

GM yangi Chevrolet Spark EUV narxini qayta ko‘rib chiqmoqchi. Chevrolet Braziliyada elektr krossoverlar savdosi bo‘yicha eng tez o‘sayotgan brendga aylandi. GM Authority’ga ko‘ra, bu natijaga kompaniyaning elektr avtomobillar portfelini kengaytirishi sabab bo‘lgan.

Braziliya bozorida Chevrolet elektr krossoverlar qatorini yangi modellar bilan kuchaytirdi. Jumladan, Chevrolet Spark EUV va Chevrolet Captiva EV modellarining paydo bo‘lishi savdolarni sezilarli oshirdi.

General Motors Brazil tijorat direktori Kleusner Lopesning aytishicha, braziliyalik xaridorlar yangi texnologiyalarni tez qabul qiladi va SUV avtomobillariga katta qiziqish bildiradi. Shu sabab kompaniya innovatsiya va samaradorlikni birlashtirgan elektr krossoverlar taklifini kengaytirgan.

Hozir Braziliya bozorida Chevrolet’ning to‘rtta elektr krossover modeli mavjud. Premium segmentda Chevrolet Blazer EV va Chevrolet Equinox EV, nisbatan arzon segmentda esa Captiva EV va Spark EUV taklif etilmoqda.

Ayniqsa 2026-yilgi Chevrolet Captiva EV modeli katta talabga ega bo‘ldi. U fevral oyida o‘z segmentida eng ko‘p sotilgan avtomobilga aylangan va bu natijani ketma-ket ikki oy saqlab qolgan.

Bundan tashqari, Spark EUV modeli Braziliyadagi Comexport PACE zavodida ishlab chiqarilmoqda. Bu esa avtomobilni dilerlik markazlarida ko‘proq taqdim etishga imkon bermoqda.

2025-yilning ikkinchi yarmidan 2026-yilning dastlabki ikki oyigacha Chevrolet Braziliyada 3 mingdan ortiq elektr krossover sotgan. Kompaniya Spark EUV narx siyosatini ham qayta ko‘rib chiqib, modelni o‘z segmentida yanada raqobatbardosh qilishni maqsad qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Kursiv Uzbekistan Chevrolet Spark elektromobilining O‘zbekistonda ishlab chiqarilish rejalari haqida yozgan edi. «O‘zavtosanoat»ning qayd etishicha, yangilangan Chevrolet Spark elektromobilini O‘zbekistonda sotish va ishlab chiqarish masalasi yaqin kelajakda ko‘zda tutilmagan.