
Kia kompaniyasi Kia Sportage krossoverining 6-avlodini ishlab chiqishni boshladi. Unda an’anaviy benzin dvigatelli versiyalar butunlay bekor qilinadi.
Yangi Sportage 2027-yilda taqdim etilishi rejalashtirilgan. Model kompakt krossover segmentida faqat gibrid dvigatellar bilan taklif qilinadi. Kia yangi avlod Sportage uchun ikki xil elektrlashtirilgan tizimni taklif etadi. Birinchi variant oddiy gibrid tizim bo‘ladi. Unda kuchliroq elektromotor va kattaroq batareya qo‘llanib, yoqilg‘i tejamkorligi va samaradorlik oshiriladi.
Ikkinchi variant esa plug-in gibrid (PHEV) tizimi bo‘ladi. Bu versiya elektr rejimida 100 km gacha masofani bosib o‘ta olishi kutilmoqda. Natijada ko‘pchilik haydovchilar kundalik yo‘lini benzin ishlatmasdan bosib o‘tishi mumkin bo‘ladi. Hozirgi 5-avlod Sportage modeli benzin, LPG, gibrid va plug-in gibrid dvigatellar bilan sotilmoqda. Yangi NQ6 esa Kia tarixida birinchi bo‘lib to‘liq gibrid lineup bilan ishlab chiqariladi.

Kompaniyaning bunday qarori elektr avtomobillar bozoridagi o‘zgarishlar bilan izohlanmoqda. So‘nggi paytlarda to‘liq elektr avtomobillarga talab biroz sekinlashgan. Bunga yuqori narxlar va zaryadlash infratuzilmasining yetarli darajada rivojlanmagani sabab bo‘lmoqda.
Statistikaga ko‘ra, AQSh bozorida Hyundai va Kia gibrid avtomobillari savdosi o‘tgan oy 52 foizga oshgan. Shu bilan birga, elektromobillar savdosi 10,4 foizga kamaygan.
Kia va Hyundai 2027-yildan boshlab yangi turdagi uzaytirilgan zaxirali elektromobillar (EREV)ni ham taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bunday avtomobillarda kichik benzin dvigateli faqat batareyani zaryadlash uchun ishlaydi. Yangi Sportage NQ6 2027-yilning uchinchi choragida taqdim etilishi kutilmoqda. Model global bozorlar, ayniqsa Yevropa va AQSh uchun mo‘ljallangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri yangilangan Kia Niro avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.