Lotus Eletre X avtomobili uchun buyurtmalar boshlandi

11-mart 2026 13:37 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Foto: Lotus

Xitoyda Lotus Eletre X gibrid avtomobili uchun buyurtmalar boshlandi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.

Mahalliy bozorda avtomobil Lotus For Me nomi bilan sotiladi. Yevropa bozorida esa u Eletre X nomi bilan taqdim etiladi. Yangi model yetkazib berilishi Yevropada 2026-yil oxirida boshlanishi kutilmoqda.

Eletre X 2022-yilda taqdim qilingan to‘liq elektr Eletre modelining gibrid versiyasi hisoblanadi. Avtomobil ishlab chiqarilishi Xitoyning Uxan shahridagi Lotus zavodida yo‘lga qo‘yilgan. Krossover dizayni elektr versiyaga o‘xshash bo‘lib, tom va qanotlarda joylashgan LiDAR sensorlari, aerodinamik elementlar hamda kameralar bilan jihozlangan yon ko‘zgular bilan ajralib turadi.

Foto: Lotus

Model uzunligi 5103 mm, kengligi 2019 mm, balandligi 1636 mm. G‘ildirak bazasi 3019 mm ni tashkil etadi. Avtomobil og‘irligi 2575 kg.ga teng. Bagaj hajmi 688 litr, orqa o‘rindiqlar buklanganda esa 1532 litrga yetadi. Krossover 2250 kggacha yuk tortish imkoniyatiga ham ega.

Interyerda 23 ta KEF audiokolonka, avtomatik qorayuvchi panoramali tom va bir nechta ekranlar mavjud. Markaziy panelda 15,1 dyuymli asosiy ekran, 12,6 dyuymli raqamli panel va yo‘lovchi uchun alohida ekran joylashgan. Avtomobil G-Pilot H7 haydovchiga yordam tizimi bilan jihozlangan. Tizim Nvidia Thor protsessori asosida ishlaydi va hisoblash quvvati 700 TOPSni tashkil etadi.

Foto: Lotus

Eletre X 2 litrli turbobenzin dvigateli va ikki elektromotor bilan jihozlangan. Umumiy quvvati 700 kVt, ya’ni 939 ot kuchiga teng. Krossover 0 dan 100 km/soatgacha 3,3 soniyada tezlashadi. 200 km/soat tezlikka esa 10,5 soniyada chiqadi.

Avtomobil 70 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Elektr rejimida yurish zaxirasi 345 – 355 kmni tashkil etadi. Gibrid rejimda esa krossover 1400 km.gacha masofani bosib o‘ta oladi. Bo‘sh batareya bilan yoqilg‘i sarfi 100 km ga 6 litr atrofida bo‘ladi.

Foto: Lotus

Modelning boshlang‘ich narxi 528 ming yuan, ya’ni taxminan $76,4 mingni tashkil qiladi. Lotus Eletre X’ning maxsus versiyasi ham taqdim etilgan. Special Edition varianti 588,8 ming yuan, ya’ni taxminan $85,8 ming narxda taklif qilinmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Lotus Eletre elektromobili 50 foizga arzonlashishi mumkinligi haqida yozgan edi.

Shuningdek