
Shavkat Mirziyoyev loyihalarni ekspertizadan o‘tkazish tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar taqdimoti bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, joriy yilda mamlakat hududlari va iqtisodiyot tarmoqlariga $50 mlrddan ortiq investitsiya jalb qilish rejalashtirilgan. Shuningdek, ijtimoiy va infratuzilma obyektlari qurilishiga 24 trln so‘m budjet mablag‘lari yo‘naltiriladi. Davlat xaridlari doirasida esa 300 trln so‘mdan ortiq tovarlar, ishlar va xizmatlar xarid qilinadi. Bunday yirik hajmdagi loyihalarni amalga oshirishda ekspertiza tizimining tezkor va sifatli ishlashi muhim ahamiyatga ega.
Amaldagi tizimdagi muammolar
Taqdimotda amaldagi tartib ayrim hollarda bu talablarga to‘liq javob bermayotgani qayd etildi. O‘tgan yili ekspertizaga 7 ming 750 ta hujjat kelib tushgan bo‘lib, ularning bir qismi uzoq muddatlarda ko‘rib chiqilgan. Ayrim loyihalar esa ahamiyati katta bo‘lmagan kamchiliklar sabab bir necha bor qayta ishlashga yuborilgan.
Shu munosabat bilan prezident farmoni asosida Loyihalar va import shartnomalarini kompleks ekspertiza qilish markazi yangi tashkil etilgan Sanoat kooperatsiyasi va davlat xaridlari agentligiga o‘tkazildi hamda uning faoliyatini transformatsiya qilish vazifalari belgilandi.
Markaz faoliyatidagi yuklama
Taqdimotda markaz faoliyatidagi muammolar tahlil qilindi. Jumladan, jarayonlar yetarli darajada raqamlashtirilmagani va xavf-tahlil yondashuvi yo‘qligi sabab xodimlarga tushadigan operatsion yuklama ortib ketgani ta’kidlandi.
Markazda 130 nafar xodim ishlayotgan bo‘lsa-da, xavfi past va strategik ahamiyatga ega loyihalar ajratilmagani sabab har bir xodimga ikki kunda o‘rtacha bitta loyiha to‘g‘ri kelmoqda. Ekspertizaga kelib tushayotgan hujjatlarning katta qismi esa qiymati nisbatan kichik loyihalardan iborat.
Ekspertiza jarayonini soddalashtirish
Taqdimotda markaz faoliyatiga ilg‘or tajriba va amaliyotlarni joriy qilish taklif qilindi. Xususan, loyihalarni ko‘rib chiqishda ularning xavf darajasi va qiymatiga qarab tabaqalashtirilgan tartibni joriy etish rejalashtirilmoqda.
Unga ko‘ra, loyihaoldi hujjatlarni ekspertizadan o‘tkazishda texnik topshiriqlar ko‘rib chiqilmaydi. Shuningdek, faqat qiymati $15 mlndan yuqori bo‘lgan korporativ va budjet loyihalari ekspertizadan o‘tkazilishi nazarda tutilgan.
Bundan tashqari, yirik va megaloyihalarni parallel ekspertizadan o‘tkazish, o‘xshash loyihalarni tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqish, jismonan va ma’nan eskirgan uskunalarni soddalashtirilgan tartibda ekspertizadan o‘tkazish hamda benchmarking usulini qo‘llash taklif etildi. Bu esa markaz e’tiborini strategik ahamiyatga ega yirik investitsiya loyihalariga qaratish imkonini beradi.
Rag‘batlantirish va raqamlashtirish choralari
Taqdimotda ekspertiza jarayoni ishtirokchilarini rag‘batlantirish mexanizmlarini joriy etish masalasi ham ko‘rib chiqildi. Jumladan, loyiha birinchi bosqichdayoq ijobiy xulosa olsa yoki bildirilgan e’tirozlar muddatidan oldin bartaraf etilsa, ekspertiza jarayonlarini tezlashtirish va chegirmalar berish taklif qilindi.
Shuningdek, markaz faoliyatini to‘liq raqamlashtirish rejalashtirilmoqda. Buning uchun soliq va bojxona organlari, milliy statistika tizimi, ekologiya va iqlimga oid ma’lumotlar bazalari, qurilish resurslari milliy klassifikatori hamda davlat xaridlari elektron tizimlari bilan integratsiya qilingan yagona axborot platformasi yaratiladi. Platforma orqali loyiha hujjatlari onlayn shakllantiriladi, tovar va xizmatlarning narxlari hamda texnik ko‘rsatkichlari sun’iy intellekt yordamida tahlil qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Mirziyoyev kimyo sanoatidagi yirik investitsiya loyihalari va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish jarayoni bilan tanishgan edi.