Noqonuniy qurilishlar uchun moliyaviy sanksiya joriy etilishi rejalashtirilmoqda

eʼlon qilindi
Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ma’lumot berdi
Toshkentdagi 15 ta qurilish obyekti havoni ifloslantirishi sababli vaqtincha to‘xtatildi
Foto: Internet

O‘zbekistonda ruxsatsiz va shaharsozlik qoidalarini buzib qurilgan binolar uchun moliyaviy sanksiya joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Bu haqda Urbanizatsiya va uy-joy bozorini barqaror rivojlantirish milliy qo‘mitasi raisi Sherzod Kudbiyev ma’lum qildi, deya xabar bermoqda Kursiv Uzbekistan muxbiri.

Ta’kidlanishicha, hozir ayrim quruvchilar ruxsatsiz qurilish olib borishi yoki ruxsat etilgan qavatdan ko‘proq bino qurishi holatlari uchramoqda. Ba’zi holatlarda qurilish uchun hujjat bo‘lmasa ham uylar sotib yuboriladi. Natijada fuqarolar mablag‘ini yo‘qotib, jabr ko‘rmoqda.

Bunday holatlarning oldini olish uchun Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, shaharsozlik normalarini qo‘pol ravishda buzgan quruvchilarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi. Bunga loyiha hujjatisiz qurilish qilish, ruxsat etilmagan hududda bino qurish, boshqa yerga chiqib ketish yoki qurilishni rasmiy ro‘yxatdan o‘tkazmasdan boshlash kabi holatlar kiradi.

Kudbiyevning aytishicha, ushbu tartibni joriy etish bo‘yicha hujjat Bosh prokuratura bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Agar qonun iyulgacha qabul qilinsa, u 2027-yil 1-yanvardan kuchga kirishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq eskrou tizimi bo‘yicha qonun loyihasi 1-iyulgacha qabul qilinishi mumkinligi haqida xabar berilgandi. Hozirda hujjat Vazirlar Mahkamasida ko‘rib chiqilmoqda va mart – aprel oylari ichida Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilishi rejalashtirilgan.

Shuningdek