
Prezidentning «Xalqaro shartnomani tasdiqlash to‘g‘risida»gi qarori bilan O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasida imtiyozli savdo bitimi rasman tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Qarorga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi hukumati va Afg‘oniston ushbu imtiyozli savdo bitimini amalga oshirishni rasmiylashtirdi. Bitimning maqsadi ikki mamlakat o‘rtasida savdo aloqalarini rivojlantirish va iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishdan iborat.
Bitimni amalga oshirish uchun mas’ul vakolatli organlar sifatida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Bojxona qo‘mitasi belgilandi. Ushbu organlar bitim shartlarining to‘liq bajarilishini nazorat qiladi va zarur chora-tadbirlarni amalga oshiradi.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi Afg‘on tomoniga bitim kuchga kirishi uchun O‘zbekiston tomonidan barcha ichki davlat tartib-taomillari bajarilganligi to‘g‘risida rasmiy bildiruv yuboradi. Bu ikki mamlakat o‘rtasidagi imtiyozli savdo munosabatlarini yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Ma’lumot uchun, O‘zbekiston va Afg‘oniston o‘rtasidagi savdo aylanmasi 2024-yilda $1,14 mlrdni tashkil etgan bo‘lsa, 2025-yilda bu $1,7 mlrdga yetdi. Solishtirganda, 2025-yilda savdo aylanmasi 2024-yilga nisbatan $540,5 mln yoki taxminan 47,5 foizga oshgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonni Afg‘oniston bilan bog‘laydigan yo‘l uch oy ichida ta’mirlanishi haqida yozgan edik.