Yangiliklar

Pavel Durovning boyligi ikki baravardan ko‘proq kamaydi

Uning boyligi hozir $6,6 mlrd atrofida
Pavel Durov Rossiyaning Telegram’ga qarshi harakatlarini keskin tanqid qildi
Foto: Roskomsvoboda

Forbes nashri hisob-kitobiga ko‘ra, Telegram messenjeri asoschisi Pavel Durovning boyligi keskin kamaydi. 2025-yilda $17,1 mlrd deb baholangan uning boyligi hozir $6,6 mlrd atrofida ekani aytilmoqda.

Mutaxassislar bunga, asosan, texnologiya bozoridagi vaziyat yomonlashgani sabab bo‘lganini qayd etgan. Telegram qiymatini baholashda investorlar kompaniyaning daromadlari va boshqa messenjerlar bilan taqqoslash natijalariga e’tibor qaratmoqda.

Masalan, Telegramning asosiy raqobatchilaridan biri Snapchat’ning oylik foydalanuvchilari soni 2025-yil oxiriga kelib 946 mln bo‘lgan. Telegram foydalanuvchilari esa 1 mlrddan ko‘p. Biroq Snapchat’ning 2025-yildagi daromadi $5,9 mlrd bo‘lsa, Telegram daromadi taxminan $2 mlrd deb baholanmoqda.

Shuningdek, Snapchat kompaniyasining bozor qiymati ham so‘nggi bir yil ichida deyarli ikki barobarga kamayib, $8,7 mlrdga tushgan. Bu holat Telegram qiymatining ham pasayishiga ta’sir qilgan.

Yana bir muhim omil bu Telegram chiqargan obligatsiyalar. Kompaniya 2026-yil 22-martda eski obligatsiyalarni qaytarishi kerak. Ayrim tahlilchilar Durov ushbu majburiyatlarni bajarish uchun investorlarga Telegram aksiyalarini taklif qilishi mumkinligini aytmoqda.

Telegram kompaniyasining IPO’si yaqin vaqt ichida bo‘lishi ehtimoli past. Sababi ayrim yirik bozorlarda, jumladan, Rossiya va Eron kabi davlatlarda messenjer faoliyati cheklangan. Shu bois investorlar ehtiyotkorlik bilan baho bermoqda.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Pavel Durovning TikTokdagi akkaunti bloklangandi. Ma’lum qilinishicha, akkauntga kirish imkoni yoʻq, sahifada «akkaunt bloklangan» degan xabar koʻrinadi. Uning sahifasida 156 ming obunachi bo‘lgan.