Avto

Porsche Cayenne S Electric avtomobili taqdim etildi

Tashqi ko‘rinishda Cayenne S Electric old va orqa bamperlaridagi kumush rangli elementlar bilan ajralib turadi
Porsche Cayenne S Electric avtoimobili taqdim etildi
Foto: Porsche

Porsche kompaniyasi Cayenne Electric elektromobil oilasiga yangi modifikatsiya qo‘shdi. Ushbu model qatorida Cayenne S Electric versiyasi ham paydo bo‘ldi.

Tashqi ko‘rinishda Cayenne S Electric old va orqa bamperlaridagi kumush rangli elementlar bilan ajralib turadi. Ular Volcano rangidagi himoya elementlarini eslatadi. Model uchun 13 xil kuzov rangini tanlash mumkin.

Shuningdek, bu versiya uchun maxsus ishlab chiqilgan 20 dyuymli Cayenne S Aero g‘ildiraklari ham taklif etiladi.

Foto: Porsche

Salon uchun keng personalizatsiya imkoniyatlari mavjud. Porsche Exclusive Manufaktur bo‘limi tomonidan ishlab chiqilgan opsional dizayn varianti ham taqdim etilgan. Bu holatda interyer qora va yashil teri kombinatsiyasi, anodlangan alyuminiy dekor hamda kontrast tikuvlar bilan bezatiladi.

Cayenne S Electric ikki elektromotorli tizim bilan jihozlangan. Elektromotorlar doimiy magnitli sinxron turga mansub.

Foto: Porsche

Standart rejimda avtomobil 544 ot kuchi ishlab chiqaradi. Launch control faollashtirilganda esa quvvat 666 ot kuchiga yetadi. Bunday holatda krossover 0 dan 100 km/soat tezlikka 3,6 soniyada chiqadi. Maksimal tezligi 250 km/soatni tashkil etadi.

Taqqoslash uchun, bazaviy Cayenne Electric 408 ot kuchiga ega. Turbo Electric versiyasi esa 857 ot kuchi ishlab chiqaradi. Model 113 kVt/soat sig‘imli batareya bilan jihozlangan. Tezkor zaryadlash stansiyasida batareya 10 foizdan 80 foizgacha 16 daqiqadan kam vaqt ichida zaryadlanadi.

Foto: Porsche

Maksimal zaryadlash quvvati 400 kVtga yetadi. WLTP sikliga ko‘ra, avtomobil 653 kmgacha masofani bosib o‘ta oladi.

Opsiyalar ro‘yxatiga Porsche Active Ride osmasi, Porsche Torque Vectoring Plus tizimi va keramika tormozlar ham kiritilgan. Sport Chrono paketi esa push-to-pass funksiyasi orqali quvvatni 10 soniyaga 122 ot kuchiga oshiradi.

Porsche Cayenne S Electric uchun buyurtmalar allaqachon qabul qilinmoqda. Yangi krossover yetkazib berilishi yoz oxirida boshlanishi kutilmoqda. Germaniyada modelning boshlang‘ich narxi 126,4 ming yevrodan boshlanadi. Taqqoslash uchun, oddiy Cayenne Electric 105,2 ming yevro, Turbo Electric esa 165,5 ming yevrodan sotiladi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Porsche Panamera va Taycan modellarini birlashtirishi mumkinligi haqida yozgan edi.