
Farg‘ona viloyatidagi «Vodil-avto» chegara bojxona postida Qirg‘izistonga noqonuniy ravishda olib o‘tilayotgan qimmatbaho metallar musodara qilindi. Bu haqda UzA xabar bermoqda.
Davlat xavfsizlik xizmatining Farg‘ona viloyati bo‘yicha boshqarmasi hamda bojxona idoralari xodimlari hamkorligida tovar-moddiy boyliklarni noqonuniy olib chiqishga qarshi tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbir davomida Farg‘ona tumanida yashovchi, 1996-yilda tug‘ilgan shaxs boshqaruvidagi Damas avtomobili tekshiruvdan o‘tkazildi.

Natijada mashina kuzoviga yashirilgan 4 dona nostandart shakldagi oltin quymalar topilib, ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirilgan. Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, musodara qilingan oltinning umumiy og‘irligi 1 kg 232 grni tashkil etadi. Ularning umumiy qiymati 2 mlrd 182 mln 466 ming so‘m etib belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Andijonda oltin quymalarni noqonuniy olib chiqishga uringan ona va qiz ushlangani haqida xabar bergan edi.