
Qirg‘izistonlik ulamolar Turkiy davlatlar tashkiloti Fatvo kengashiga asoslanib, 2026-yilgi Ramazon hayiti 20-mart kuniga to‘g‘ri kelishini ma’lum qildi. Bu haqda Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi ma’lum qildi.
Qirg‘iziston musulmonlari diniy boshqarmasi qaroriga ko‘ra, Ramazon hayiti 20-mart, juma kuniga to‘g‘ri keladi. Ushbu qaror Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar Fatvo kengashida qabul qilingan.
Agar Hayit ayyomi O‘zbekistonda ham 20-mart kuniga to‘g‘ri kelsa, bu yilgi Ramazon oyi ham 29 kunda yakunlanishi mumkin.
Diniy bayramlarning aniq sanasi oy ko‘rinishiga qarab 1 kunga farq qilishi mumkin. Joriy yil Ramazon oyining boshlanishida ham bu holat kuzatilgan: Saudiya Arabistoni va unga ergashgan bir necha mamlakatlar 18-fevraldan, Markaziy Osiyo davlatlari esa 19-fevraldan Ramazon oyini boshlagan.
Bu safar Ramazon hayiti sanasi borasida mintaqadagi barcha diniy idoralar astronomik hisob-kitoblar asosida 20-mart sanasida to‘xtalgan. Ushbu sana 2 – 4-fevral kunlari Samarqandda Turkiy davlatlar tashkiloti mamlakatlari Musulmon diniy idoralari rahbarlari kengashi huzuridagi Fatvo hay’atining maslahat yig‘ilishida kelishilgan.
Fatvo hay’atiga Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo mamlakatlar — Turkiya, Ozarboyjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, O‘zbekiston va kuzatuvchi davlatlar — Turkmaniston hamda Vengriya muftiyatlari vakillari kiradi.
Avvalroq «Kursiv» nashri o‘zbekistonliklar mart oyida necha kun dam olishi haqida yozgandi.