
Kadastr agentligining Sirdaryo viloyati Mirzaobod tumani bo‘limi bosh inspektoriga qonunbuzilish bilan bog‘liq jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Bo‘limi bosh inspektori o‘z xizmat mavqeidan foydalanib, 1975-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni kadastr hujjatlarini rasmiylashtirish hamda hujjatlarni muddatidan oldin tayyorlab berish evaziga $1,5 ming talab qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda, bosh inspektor $1 ming va 6,050 mln so‘m olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi hamda 28,211-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi va unga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llandi. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Farg‘ona viloyati Farg‘ona tumani soliq inspeksiyasining bosh inspektori tadbirkordan $101 ming pora talab qilgani haqida yozgan edik.