Toshkent bosh rejasi tadbirkorlar loyihasiga qarab o‘zgartirilmaydi — Qurilish vaziri

Toshkent shahrining bosh rejasi alohida tadbirkorlarning manfaatidan kelib chiqib o‘zgartirilmaydi. Bu haqda qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri Sherzod Hidoyatov matbuot anjumanida ma’lum qildi, deya xabar berdi Kursiv Uzbekistan muxbiri.
Uning ta’kidlashicha, bosh rejaga o‘zgartirishlar master-rejalar asosida ishlab chiqiladi. Ushbu jarayon Toshkent shahar hokimligi huzuridagi Toshkent Invest kompaniyasi orqali amalga oshiriladi. Master reja tasdiqlangandan keyin tadbirkorlar o‘sha belgilangan talablar asosida loyiha amalga oshirishi mumkin.
«Master rejalar Toshkent Invest kompaniyasi bilan birgalikda ishlab tasdiqlanadi, keyin tadbirkorlar o‘sha asosida ish olib bora oladi. Agarda bu tadbirkorning joyi bo‘ladigan bo‘lsa, uni ham kelishib, birgalikda o‘sha master rejaning qoidasi bilan qiladi. Agar u davlat joyi bo‘lsa, unda u auksion orqali sotuvga qo‘yiladi», — deydi Hidoyatov.
Shuningdek, matbuot anjumanida daraxtlarni kesishga ruxsat berish masalasi ham muhokama qilindi. Mutasaddilar bu taklif ko‘rib chiqilmaganini va bunday masala umuman kun tartibida yo‘qligini ta’kidladi.
«Daraxt kesish umuman ko‘rib chiqilmagan va ko‘rib chiqilmaydi», — dedi qurilish vaziri.
Eslatib o‘tamiz, noqonuniy qurilishlar uchun moliyaviy sanksiya joriy etilishi rejalashtirilmoqda. Ta’kidlanishicha, hozir ayrim quruvchilar ruxsatsiz qurilish olib borishi yoki ruxsat etilgan qavatdan ko‘proq bino qurishi holatlari uchramoqda. Ba’zi holatlarda qurilish uchun hujjat bo‘lmasa ham uylar sotib yuboriladi. Natijada fuqarolar mablag‘ini yo‘qotib, jabr ko‘rmoqda.
Bunday holatlarning oldini olish uchun Shaharsozlik kodeksiga o‘zgartirish kiritish rejalashtirilgan. Unga ko‘ra, shaharsozlik normalarini qo‘pol ravishda buzgan quruvchilarga moliyaviy sanksiyalar qo‘llanadi.