Yangiliklar

Yangi Range Rover Velar qanday imkoniyatlar bilan chiqadi

Elektr dvigatellar va quvvat ko‘rsatkichlari haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan
Yangi Range Rover Velar qanday imkoniyatlar bilan chiqadi
Foto: Range Rover

Range Rover Velar modelining ikkinchi avlodi sinovdan o‘tkazilmoqda. Internetda tarqalgan yangi suratlar model dizaynida jiddiy o‘zgarishlar bo‘lishini ko‘rsatadi.

Velar’ning birinchi avlodi 2017-yil bahorida taqdim etilgan edi. Model kompaniya tarixidagi eng aerodinamik avtomobillardan biri bo‘lib, uning aerodinamik qarshilik koeffitsiyenti 0,32 ni tashkil qilgan. So‘nggi to‘qqiz yil davomida krossover bir necha bor yangilandi. Eng katta restayling 2023-yilda amalga oshirilgan.

Foto: Range Rover

2025-yilda esa ikkinchi avlod Velar prototiplari sinovlarga chiqarildi. Dastlabki suratlarda avtomobil kuzovi krossover va universal aralashmasiga o‘xshashi taxmin qilingan edi. Yangi suratlar esa model dizayni yanada noodatiy bo‘lishini ko‘rsatmoqda. Kuzov shakli sedan va liftbek aralashmasini eslatadi.

Hozirgi Velar’ga xos tor yon oynalar yangi avlodda yanada torayadi. Orqa oynasi esa keskin qiyalikka ega bo‘ladi va sedanlarga o‘xshash pog‘onali qism paydo bo‘ladi. Avtomobil yon qismi soddaroq dizaynni saqlab qoladi. Eshik tutqichlari yashirin holatda bo‘ladi. Yon oynalar esa ramkasiz bo‘lishi kutilmoqda.

Foto: Range Rover

Old qismida tor shakldagi faralar ko‘rinadi. Orqa tomonda esa ingichka gorizontal LED chiroqlar ishlatiladi. Davlat raqami uchun joy esa avvalgidek yukxona eshigida emas, balki bamper qismida joylashadi.

Texnik jihatdan ham katta o‘zgarishlar kutilmoqda. Yangi Velar to‘liq elektr krossoverga aylanadi. Model Electrified Modular Architecture (EMA) platformasida ishlab chiqiladi. Keyinchalik ushbu platforma kichik Defender modeli uchun ham ishlatilishi rejalashtirilgan.

Foto: Range Rover

Elektr dvigatellar va quvvat ko‘rsatkichlari haqida hozircha aniq ma’lumot berilmagan. Yangi Range Rover Velar premyerasi 2026-yil oxirigacha bo‘lib o‘tishi mumkin. Model ishlab chiqarilishi esa 2027-yil boshida boshlanishi kutilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Range Rover va Defender 2026 avtomobillari taqdim etilgani haqida yozgan edi.