
11-mart kuni UEFA Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichida Ispaniyaning «Atletiko Madrid» va Angliyaning «Tottenhem» klublari to‘qnash keldi. Uchrashuv madridliklarning 5:2 hisobidagi ishonchli g‘alabasi bilan yakunlandi.
O‘yin kutilmaganda shiddatli boshlanib, «Atletiko» futbolchilari dastlabki 22 daqiqa ichida raqib darvozasiga 4 ta to‘p kiritishga erishdi. Hisob 6-daqiqada Xulian Alvaresning uzatmasidan so‘ng Markos Lorente tomonidan ochildi. Oradan sakkiz daqiqa o‘tib, 14-daqiqada Lorentening pasidan so‘ng Antuan Grizmann hisobni oshirdi.
«Tottenhem» o‘ziga kelib ulgurmasdan, 15-daqiqada Xulian Alvares uchinchi golni urdi. 22-daqiqada esa Grizmanning uzatmasidan so‘ng Robin Le Norman hisobni 4:0 ko‘rinishiga keltirdi. Ingliz klubi 26-daqiqada Risharlisonning uzatmasidan so‘ng Pedro Porro orqali birinchi golni urib, tanaffusga 4:1 hisobida yo‘l oldi.
Ikkinchi bo‘limda ham Diyego Simeone shogirdlari ustunlikni saqlab qoldi. 55-daqiqada Xulian Alvares o‘zining dublini nishonladi va hisobni 5:1 ga yetkazdi. 76-daqiqada Dominik Solanke «Tottenhem»ning ikkinchi golini kiritib, uchrashuvning yakuniy hisobini o‘rnatdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Bavariya» safarda «Atalanta»ni yirik hisobda yanchib tashlagani haqida xabar bergan edi.