
Xitoyning yirik avtomobil ishlab chiqaruvchisi Geely o‘zining ultratez elektromobil zaryadlash stansiyalari tarmog‘ini rivojlantirmoqda. Bu haqda Tarantas News nashri xabar berdi.
Loyiha kompaniyaning premium elektromobil brendi Zeekr orqali amalga oshirilmoqda va bu yechim BYD’ning shunga o‘xshash texnologiyalariga javob sifatida ko‘rilmoqda.
Yangi stansiyalar 1500 kVt quvvatgacha ishlash imkoniyatiga ega bo‘lib, elektromobil batareyasini juda qisqa vaqt ichida zaryadlashni ta’minlaydi. Bir stansiya kuniga 50–60 ta avtomobilga xizmat ko‘rsatishi mumkin, har bir zaryadlash sessiyasida o‘rtacha 50 kVt-soat energiya beriladi.
Elektr tarmoqlariga tushadigan yuklamani kamaytirish uchun stansiyalar 300–500 kVt-soat sig‘imli akkumulyator buferlari bilan jihozlangan. Bu esa hatto mahalliy elektr tarmog‘i quvvati cheklangan bo‘lsa ham ketma-ket tezkor zaryadlash imkonini beradi.
Hozircha ushbu texnologiyaning to‘liq imkoniyatidan yangilangan Zeekr 001 foydalana oladi. U 900 voltli arxitektura va Golden Brick LFP batareyasi bilan jihozlangan bo‘lib, avtomobil 10 foizdan 80 foizgacha atigi 7 daqiqada zaryad olishi mumkin.
Brendning boshqa modellari ham tezkor zaryadlashni qo‘llab-quvvatlaydi. Masalan, Zeekr 7GT va Zeekr 7X batareyani 10 foizdan 80 foizgacha taxminan 13 daqiqada to‘ldira oladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sun’iy Intelekt sababli Zeekr 007 GT narxi oshayotgani haqida yozgandi.