2025-yilda 5,4 mln aholi daromadli mehnat bilan ta’minlandi

2025-yilda O‘zbekistonda 5,4 mln nafar aholi daromadli mehnatga jalb qilindi. Bu haqda Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi ma’lum qildi.
Ta’kidlanishicha, shundan 1,3 mln kishi doimiy ishga joylashtirilgan bo‘lsa, 2,1 mln nafari tadbirkorlikka yo‘naltirilgan. Kichik va o‘rta biznes subyektlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tomonidan 134 trln so‘m kredit mablag‘lari ajratilgan.
Shuningdek, «Kambag‘allikdan farovonlik sari» dasturi doirasida 3,2 mln aholini o‘z ichiga olgan 761 mingta oilaning ehtiyojlari o‘rganilib, ular uchun individual rejalar ishlab chiqilgan.
Ushbu individual rejalar asosida 523 mingta kambag‘al oilani daromadini oshirishga qaratilgan xizmatlar bilan qamrab olishga erishilgan. Ularning tadbirkorlik tashabbuslarini moliyalashtirish uchun 2,2 trln so‘m kredit va 265 mlrd so‘m moliyaviy ko‘mak berilgan.
Bundan tashqari, mahallalardagi hokim yordamchilari tashabbusi bilan 410 mingga yaqin mikroloyihalar ishga tushirilgan. Natijada qo‘shimcha 840 ming nafar aholining daromadi oshishi ta’minlangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda 48 ming yangi tadbirkorlik subyekti tashkil etilishi haqida xabar bergan edi.