Yangiliklar

Birjada AI-92 narxi 7,4 foizlik sakrashdan so‘ng 4,8 foizga pasaydi

Kursiv Uzbekistan narxlarni tahlil qildi
AI-92 narxi qanday o‘zgardi / Foto: Pexels.com

O‘zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasida (O‘zRTXB) so‘nggi ikki kun ichida AI-92 markali benzin narxida sezilarli tebranishlar kuzatildi. 11-mart kuni ushbu yonilg‘i narxi birjada pasaydi.

Raqamlar dinamikasi

Birja ma’lumotlariga ko‘ra, narxlar quyidagicha o‘zgardi:

  • 10-mart holatiga ko‘ra: benzin narxi keskin ko‘tarilib, bir tonnasi uchun 12 723,1 ming so‘mni tashkil etgan edi (o‘sish +7,4%);
  • 11-mart holatiga ko‘ra: narxlar tushishi kuzatildi — bir tonna mahsulot 12 118,1 ming so‘mga baholandi. Bu bir kun oldingi ko‘rsatkichga nisbatan 4,8% ga yoki 605 ming so‘mga arzonroqdir.

Savdo hajmi bo‘yicha ham o‘sish kuzatilgan: chorshanba kuni birja orqali 2 935,3 tonna AI-92 benzini sotilgan bo‘lsa, seshanba kuni bu ko‘rsatkich 1 835,6 tonnani tashkil etgan edi.

Yaqin Sharq faktori

Ichki bozordagi AI-92 narxining kutilmagan dinamikasi bevosita Yaqin Sharqdagi beqaror geosiyosiy vaziyat fonida yuzaga kelmoqda. Mintaqadagi davomli qurolli to‘qnashuvlar va logistika zanjiridagi yuqori xatarlar jahon neft kotirovkalariga to‘g‘ridan to‘g‘ri bosim o‘tkazib, narxlar barqarorligiga putur yetkazmoqda.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Yaqin Sharqdagi majoro fonida neft narxi $100 oshganini yozgandi. 12-mart holatiga ko‘ra narxlar $100 dan pastga tushdi.