
Apple Music va TikTok yangi hamkorlikni e’lon qildi. Endilikda foydalanuvchilar qo‘shiqlarni TikTok ilovasidan chiqmasdan to‘liq tinglashi mumkin bo‘ladi. Bu haqda TikTok’ning rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Yangi funksiya Play Full Song deb nomlanadi. Maxsus tugmani bosganda ilova ichida mini-pleyer ochiladi va u Apple MusicKit texnologiyasi asosida ishlaydi.

Shu orqali foydalanuvchilar qo‘shiqlarni to‘liq tinglashi mumkin hamda tinglashlar Apple Music’da rasmiy strim sifatida hisoblanadi. Bu orqali qo‘shiqchilarga royalti to‘lovlari amalga oshiriladi.
Apple Music obunasi bo‘lmagan foydalanuvchilarga 3 oylik bepul sinov davri taklif qilinadi.
Bundan tashqari, loyiha doirasida Listening Party nomli yangi format ham paydo bo‘ladi. Unda ijrochilar va muxlislar virtual xonalarda real vaqt rejimida musiqa tinglab, chat orqali muloqot qilishi mumkin.
Yangi funksiyalar yaqin haftalarda butun dunyo bo‘ylab bosqichma-bosqich ishga tushiriladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durovning TikTok akkaunti bloklangani haqida yozgandi.
Ma’lum qilinishicha, akkauntga kirish imkoni yoʻq, sahifada «akkaunt bloklangan» degan xabar koʻrinadi. Uning sahifasida 156 ming obunachi bo‘lgan.