Yangiliklar

Axborot texnologiyalari orqali qilingan kiberjinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi

Jinoiy uyushma tashkil etish, moliyalashtirish, jinoyatlarni yashirishga homiylik qilish, noqonuniy musobaqalarni o‘tkazish va ishtirok etganlik uchun ham
Axborot texnologiyalari orqali qilingan kiberjinoyatlar uchun javobgarlik kuchaytiriladi / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev kiberjinoyatlar va uyushgan jinoyatchilikka qarshi kurashish hamda axborot texnologiyalaridan foydalangan holda sodir etiladigan huquqbuzarliklarni oldini olish samaradorligini oshirish bo‘yicha tayyorlangan takliflar taqdimoti bilan tanishdi.

Bugungi kunda mamlakatimizda internetdan foydalanish imkoniyatlari kengayib bormoqda. O‘zbekistonda internet foydalanuvchilarining soni 31 mlndan oshgan bo‘lib, shulardan 14 mln qismi ijtimoiy tarmoqlarda faol faoliyat yuritmoqda. Shu bilan birga, huquqbuzarlarning internet va ijtimoiy tarmoqlardan g‘arazli maqsadlarda foydalanish hollari ortib bormoqda.

So‘nggi olti yil ichida kiberjinoyatlar bo‘yicha murojaatlar 48 baravarga oshgan. O‘tgan yilda sodir etilgan firibgarlik jinoyatlarining 82 foizi, o‘g‘irlik jinoyatlarining 76 foizi internet orqali amalga oshirilgan va jismoniy hamda yuridik shaxslarga yetkazilgan moddiy zarar 2 trln so‘mdan oshgan.

Axborot texnologiyalari va xavfsizlik choralarini kuchaytirish

Taqdimotda kiberjinoyatlar va axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etilayotgan huquqbuzarliklar keskin ko‘payib borayotgani, milliy qonunchilikka jinoyatlarga nisbatan jazo choralarini kuchaytirish va yangi shakllar uchun javobgarlik belgilash lozimligi ta’kidlandi.
Shu jumladan, elektron to‘lov vositalari, kriptohamyonlar, SIM-karta va elektron akkauntlardan kiberjinoyat sodir etishda foydalanishga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy va jinoiy javobgarlik belgilash taklif qilindi.

Muayyan holatlarda muhim axborot infratuzilmasi obyektlariga qarshi kiberhujumlar natijasida moddiy zarar yetkazilish hollari kuzatilmoqda. Shu sababli yuridik shaxslar o‘z axborot tizimlarining xavfsizligini mustahkamlash va kiberxavfsizlikni ta’minlashga alohida e’tibor qaratishi lozim.

Tijorat banklari va to‘lov tizimi xavfsizligi

Tijorat banklari, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari axborot xavfsizligi va kiberxavfsizlik talablariga rioya etmaganligi sababli yuzaga kelgan moddiy zarar uchun javobgar bo‘lishi qonun bilan mustahkamlanishi taklif qilindi. O‘tgan yillarda uchta bank tizimidagi zaiflik tufayli 3025 nafar mijozga jami 17 mlrd so‘m moddiy zarar yetkazilgan.

Uyushgan jinoyatchilik va javobgarlik choralari

Taqdimotda uyushgan jinoyatchilikning yangi shakl va uslublari ko‘rsatildi. Uyushgan guruhlar jamiyat qoidalarini mensimasdan bezorilik jinoyatlarini sodir etmoqda va jamoat tartibini saqlash vazifasini bajarayotgan hokimiyat vakillariga qarshilik ko‘rsatmoqda.
Shuningdek, yoshlar ishtirokidagi noqonuniy jangovar sport musobaqalari tashkil etilayotgani ham qayd etildi. Shu bois, qonunchilikka jinoiy uyushma tashkil etish, moliyalashtirish, jinoyatlarni yashirishga homiylik qilish, noqonuniy musobaqalarni o‘tkazish va ishtirok etganlik uchun jazo choralarini kuchaytiruvchi normalar kiritish taklif qilindi.

Muhokama qilingan yo‘nalishlar bo‘yicha axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashish hamda uyushgan va jamoat joylaridagi jinoyatchilikka qarshi kurashishning jinoiy-huquqiy mexanizmlari kuchaytiriladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Hydra Saiga xakerlar guruhi O‘zbekiston davlat idoralariga kiberhujum qilgan bo‘lishi mumkinligi haqida yozgan edik.