
Eron Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Ismail Bag‘oiy Italiya nashriga bergan intervyusida Tehronning Fors ko‘rfazidagi harbiy harakatlari qo‘shni davlatlarga emas, balki mintaqadagi AQSh kuchlariga qaratilganini ma’lum qildi.
Bag‘oiyning ta’kidlashicha, mintaqadagi beqarorlikka AQShning harbiy ishtiroki sabab bo‘lmoqda. U Eron qo‘shnilaridan o‘z hududlarini AQSh harbiylari foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslikni so‘raganini aytib o‘tdi.
«Biz qo‘shnilarimizga dushmanlik qilmaymiz, balki ularning hududidan foydalanayotgan tajovuzkorlardan himoyalanyapmiz», — dedi matbuot kotibi.
Avvalroq Qatardagi AQSh bazasiga qilingan hujumni eslab, u Eron o‘zining oliy yetakchisi va muhim qo‘mondonlarining o‘ldirilishiga jim qarab turolmasligini bildirdi.
«Shunday boy sivilizatsiyaga ega mustaqil davlat bu dahshatli tajovuzga befarq qaraydi deb o‘ylaysizmi?», — deya savol bilan yuzlandi Bag‘oiy.
Shuningdek, u Yevropa va Osiyo iqtisodiyotlariga yetayotgan zarar hamda neft narxlarining oshishi haqidagi xavotirlarni tushunishini bildirdi. Ammo Yevropa davlatlarini adolatsizlikka qarshi turishga va AQSh hamda Isroilga yon bosmaslikka chaqirdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Eron Netanyaxuning ofisiga zarba bergani haqida xabar bergan edi.