Crocus’dagi terakt ishi bo‘yicha 15 kishi umrbod qamoq jazosiga hukm qilindi

Rossiyaning Ikkinchi g‘arbiy okrug harbiy sudi Crocus City Hall’dagi terakt ishi bo‘yicha 19 nafar ishtirokchidan 15 nafarini umrbod ozodlikdan mahrum etdi. Hukm 2026-yilning 12-mart kuni o‘qildi.
Asosiy to‘rt nafar ijrochi Dalerjon Mirzoyev, Murodali Rajabalizoda, Muhammadsobir Fayzov va Shamsidin Fariduni qamoqxona hamda alohida tartibdagi koloniyada jazo o‘taydi. Ularning har biriga 990 ming rubl (152 mln so‘m) miqdorida jarima tayinlangan. Shuningdek, yana 11 nafar ayblanuvchi ham umrbod qamoq jazosiga tortildi.

RIA Novosti / Grigoriy Sisoyev
Terrorchilarga ijara uy taqdim etgan Alisher Qosimov 22 yil-u 10 oyga qamaldi, uning Moskva viloyatidagi kvartirasi musodara qilindi. Hujumchilarga avtomobil sotgan Islomovlar oilasining uch a’zosiga esa 19 yil-u 11 oylik qamoq jazosi berildi.
Tergov qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, mazkur jinoyat Ukraina rahbariyati manfaatlarini ko‘zlab, Rossiyadagi siyosiy vaziyatni beqarorlashtirish maqsadida amalga oshirilgan. Hozirda jinoyatga aloqador yana ikki nafar tashkilotchi va to‘rt nafar terrorchi qidirilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 2024-yil 22-mart kuni yuz bergan fojiada 149 kishi halok bo‘lgan, bir kishi bedarak yo‘qolgan va 609 kishi jarohatlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Tojikistonning 600 dan ortiq fuqarolari Rossiyadan deportatsiya qilingani haqida xabar bergan edi.