Yangiliklar

Elektr tarmog‘iga tijoriy maqsadda noqonuniy ulanganlar 15 sutkaga qamalishi mumkin

2026-yil 11-martda qabul qilingan Qonun bilan
Noqonuniy elektr iste'moli
Foto: Internet

Endilikda elektr tarmog‘iga tijoriy maqsadda noqonuniy ulanganlar 15 sutkaga qamalishi mumkin. 2026-yil 11-martda qabul qilingan Qonun bilan Jinoyat va Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodekslarga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi.

Unga ko‘ra, elektr, issiqlik, gaz va suv tarmoqlaridan noqonuniy foydalanish uchun javobgarlik kuchaytiriladi.

Yangi tartibga ko‘ra, umumiy foydalanishdagi elektr, issiqlik yoki gaz tarmoqlariga o‘zboshimchalik bilan ulanish yoki foydalanish qoidalarini buzgan fuqarolarga bazaviy hisoblash miqdorining 15 baravaridan 20 baravarigacha jarima solinadi. Mansabdor shaxslar uchun esa jarima miqdori BHMning 25 baravaridan 30 baravarigacha etib belgilanadi.

Agar umumiy tarmoqlarga tijorat maqsadida noqonuniy ulanish aniqlansa, BHMning 15 baravaridan 25 baravarigacha jarima qo‘llanadi yoki 15 sutkagacha ma’muriy qamoq jazosi berilishi mumkin.

Shuningdek, bunday qoidabuzarlik uchun avval ma’muriy jazo qo‘llanib, yana takror sodir etilsa, jinoyat javobgarligi belgilanadi. Bunday holatda BHMning 30 baravaridan 75 baravarigacha jarima, 240 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki bir yilgacha axloq tuzatish ishlari qo‘llanishi mumkin.

Mazkur qonun rasmiy e’lon qilingan kundan uch oy o‘tgach kuchga kiradi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘shrabotda 219,6 mln so‘mlik elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holati aniqlangandi. O‘tkazilgan tergovga qadar tekshiruvda «B.O.» fermer xo‘jaligi rahbari S.B. suv nasoslarini elektr tarmog‘iga tijorat maqsadida o‘zboshimchalik bilan ulagani aniqlangan.