Fransiya kompaniyasi O‘zbekistonda AES qurish loyihalarida ishtirok etadi

Fransiyaning Framatome kompaniyasi O‘zbekistonda AES qurish loyihalarida ishtirok etadi. Bu haqda Atom energiyasi agentligi ma’lum qildi.
Hamkorlik rejalari Framatome kompaniyasi bosh qarorgohida «O‘zatom» agentligi direktori Azim Axmedxadjayev va Framatome’ning «Avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlari» biznes bo‘linmasi katta ijrochi vitse-prezidenti Laurent Thieffry o‘rtasida ishchi uchrashuvda muhokama qilingan.
Tomonlar atom energetikasi sohasidagi hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha fikr almashgan. Muzokaralarda atom elektr stansiyalarida texnologik jarayonlarni boshqarishning zamonaviy avtomatlashtirilgan tizimlarini joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Uchrashuv davomida ilg‘or tajriba almashish, texnologiyalar transferi hamda yadroviy obyektlarning ishonchliligi va xavfsizligini oshirish bo‘yicha hamkorlik istiqbollari ko‘rib chiqilgan.
Shuningdek, O‘zbekiston hududida integratsiyalashgan yechim asosida atom energobloklarini qurish va ulardan foydalanish loyihalari doirasida «O‘zatom» va Framatome o‘rtasidagi strategik sheriklikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
Ma’lumot uchun, Framatome yadro sanoatida dunyoning yetakchi kompaniyalaridan biri hisoblanadi. Kompaniya AESlar uchun uskunalarni loyihalash va ishlab chiqarish, yadro yoqilg‘isi hamda boshqaruv tizimlarini yetkazib berishga ixtisoslashtirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri kichik AESning birinchi beton quyish muddati o‘zgarmagani haqida yozgan edi.