Yangiliklar

Green Card dasturiga ariza berish tartibi yangilandi

O‘zgarishlar 2026-yil 10-apreldan boshlab amal qiladi
Green Card dasturiga ariza berish tartibi yangilandi / Foto: Mexanik/Depositphotos

AQSh Green Card (Diversity Visa) dasturiga ariza topshirish tartibida yangi qoidalar kuchga kiradi. Ushbu o‘zgarishlar 2026-yil 10-apreldan boshlab tatbiq etiladi va 2027-yilgi DV dasturiga ham taalluqli bo‘ladi.

AQSh Davlat departamenti tomonidan e’lon qilingan yangi qoidalarga ko‘ra, ariza topshirayotgan shaxs muddati tugamagan pasport ma’lumotlarini kiritishi majbur bo‘ladi. Shuningdek, elektron ariza formasiga pasportning biografik va imzo sahifasi skaneri ham yuklanadi.

Shuningdek, til jihatidagi o‘zgarishlar ham amalga oshiriladi. Jumladan, «gender» o‘rniga «sex» (jins), «age» o‘rniga «date of birth» (tug‘ilgan sana) so‘zlari ishlatiladi.

Ma’lumot uchun, 2025-yil 16-sentabrdan boshlab Green Card lotereyasi uchun $1 miqdorida ro‘yxatdan o‘tish to‘lovi joriy etilgan. Shu vaqtga qadar esa xarajatlar faqat tanlangan arizachilardan olinadigan $330 miqdoridagi viza to‘loviga qo‘shib kelingan.

Avvalroq, AQShning O‘zbekistondagi elchixonasi 30-dekabrdan boshlab Green Card dasturi bo‘yicha vizalar berilishi to‘xtatilgani, biroq ariza beruvchilar vizaga ariza topshirishi va suhbatdan o‘tishi mumkinli haqida xabar qilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, AQSh Braun universitetidagi voqea ortidan Green Card dasturini vaqtincha to‘xtatgan. Bunga universitetdagi otishma gumondori aynan shu dastur orqali AQShga kirgani sabab sifatida keltirilgan.