
Ozarbayjonda o‘zini tabib sifatida tanishtirgan qo‘qonlik tabib Iqbol Soliev qo‘lga olindi. Bu haqda mamlakat IIVga tayanib, mahalliy nashrlardan biri ma’lum qildi.
Vazirlikka ko‘ra, u Bokudagi «Bİ ES VİP» estetik klinikasida faoliyat yuritgan va o‘z uslubida davolash uchun pulli qabul tashkil qilgan. Qabulga keluvchilar soni ko‘paygani sababli klinika hududida katta navbatlar yuzaga kelgan.
Xabarlarda aytilishicha, Iqbol Soliev bemorlarni «bionur» usuli bilan davolashini bildirgan. U har bir qabul uchun 60 manat, ya’ni taxminan 430 ming so‘m miqdorida haq olgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 54 yoshli tabib Iqbol Solievga 10 sutka ma’muriy qamoq jazosi qo‘llanilgan edi.