Salar oqova suv inshooti: badbo‘y hidlarni kamaytirish vaqti keldi

Toshkentdagi Salar oqova suv tozalash inshooti faoliyati Oliy Majlis Senatining Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi tomonidan joyiga chiqib o‘rganildi.
Ma’lum qilinishicha, poytaxt aholisining 94 foizi markazlashgan kanalizatsiya tizimi bilan qamrab olingan. Shaharda uchta asosiy oqova suv tozalash inshooti mavjud bo‘lib, ularning umumiy quvvati 1,715 mln kub metr/sutkani tashkil etadi.
Salar inshooti poytaxt kanalizatsiya tizimining eng muhim obyektlaridan biri hisoblanadi. Uning loyiha quvvati 960 ming kub metr/sutka, amaldagi yuklama esa 860–900 ming kub metr/sutka atrofida. Hozirgi vaqtda inshootning tozalash samaradorligi 72 foizni tashkil etmoqda.
Inshootda oqova suvlar mexanik, biologik va dezinfeksiya bosqichlari orqali tozalanadi. Jarayon boshidan oxirigacha maxsus laboratoriyada doimiy nazorat qilinadi. Hozirda natriy gipoxloriti bilan zararsizlantirish uchun 62 ta maxsus uskuna ishlamoqda.
Tozalash jarayonida hosil bo‘lgan quyqalar inshoot hududidagi 35 ta maydonda qayta ishlanadi. Hudud esa Yashil makon loyihasi doirasida ko‘kalamzorlashtirilgan.
2026–2028-yillarga mo‘ljallangan modernizatsiya dasturiga ko‘ra, qum tutgichlar rekonstruksiya qilinadi, mexanik taroqlar va nasos agregatlari yangilanadi. Shuningdek, qabul qilish bo‘limiga havo tozalash uskunalari o‘rnatilib, quyqani qayta ishlovchi Biorganik uskunasi ishga tushirilishi rejalashtirilgan. Bu esa inshootdan chiqayotgan badbo‘y hidlarni kamaytirishga yordam beradi.
O‘rganish davomida ayrim muammolar ham qayd etildi. Xususan, ayrim ishlab chiqarish korxonalari tomonidan kanalizatsiya tizimiga kimyoviy bo‘yoqlar va chiqindilar tashlanishi uskunalar faoliyatiga salbiy ta’sir ko‘rsatmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Qashqadaryoda «G‘elon» xalqaro kurorti va yangi tog‘ turizm markazlari barpo etilishi haqida yozgandi.