
Tashqi reklama va axborot obyektlarini o‘rnatish uchun maxsus reklama joyi pasporti olish jarayoni ma’lum ketma-ketlikni o‘z ichiga oladi. Savdo-sanoat palatasi pasport olishga doir to‘liq qo‘llanmani taqdim etdi.
Ushbu pasport, xususiy mulkdagi peshlavha va avtotransport vositalaridagi reklama obyektlarini qonuniy o‘rnatish uchun zarur bo‘lib, Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 20-fevraldagi 104-son qarori talablariga muvofiq rasmiylashtiriladi.
Pasport olish uchun my.gov.uz elektron davlat xizmatlari portali orqali ariza beriladi va quyidagi bosqichlarni o‘z ichiga oladi:
1. Portalga kirish
Shaxsiy kabinetga ONE ID orqali ulaniladi.
2. Xizmat turini tanlash
- Xususiy mulk uchun reklama joyi pasporti
Ariza quyidagi ma’lumotlar asosida to‘ldiriladi: arizachi ma’lumotlari, reklama o‘rnatiladigan manzil. Shu bilan birga quyidagi hujjatlar yuklanadi: reklama loyihasi (eskiz, dizayn, o‘lchamlar, texnik tavsif), mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat, joyning 3–4 raqursdan olingan fotosuratlari, ko‘p kvartirali uy bo‘lsa — mulkdorlar yig‘ilishi bayoni, boshqa shaxs mulki bo‘lsa — rozilik xati va ijara shartnomasi.
Ko‘rib chiqish muddati 15 ish kunini tashkil qiladi. Pasportning amal qilish muddati — ijara muddati tugaguncha.
- Avtotransport vositasi uchun reklama joyi pasporti
Arizada arizachi va transport vositasi ma’lumotlari ko‘rsatiladi. Yuklanishi kerak bo‘lgan hujjatlar: reklama eskizi (to‘rt tomondan ko‘rinish), transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasi seriya/raqami, davlat raqami.
Ko‘rib chiqish muddati 5 ish kunini tashkil qiladi.
3. To‘lovni amalga oshirish
Davlat xizmatlari uchun to‘lov belgilangan bazaviy hisoblash miqdorining (BHM) 1 baravari miqdorida amalga oshiriladi. Agar xususiy mulkdagi reklama peshlavhasi 1 kvadrat metrdan katta bo‘lsa, to‘lov BHMning 15 foizi miqdorida hisoblanadi (iqtisodiy zonaga qarab koeffitsient qo‘llanadi). Avtotransport vositalaridagi reklama uchun to‘lov esa uning turiga qarab yillik yig‘im sifatida belgilanadi. To‘lovni Payme, Click va boshqa elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshirish mumkin.
4. Qaror qabul qilinishi
Tasdiqlanganda QR-kodli pasport shaxsiy kabinetga yuboriladi. Rad etilsa, rad etish sabablari asoslantirilgan holda ko‘rsatiladi.
5. Reklama obyektini o‘rnatish
Reklama faqat pasportda ko‘rsatilgan shartlar asosida va barcha qonuniy hamda texnik me’yorlarga rioya qilgan holda o‘rnatilishi mumkin.
Muhim eslatmalar:
- Pasportsiz reklama o‘rnatish jarima qo‘llanilishiga sabab bo‘ladi.
- Talablarga rioya qilinmasa, pasport bekor qilinishi mumkin.
- Har bir reklama obyektining dizayni, xavfsizligi va hudud me’yorlariga mosligi majburiydir.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq sun’iy intellekt yaratgan TOP-10 serdaromad kasb haqida yozgan edik.