Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida yo‘l o‘pirildi — foto

eʼlon qilindi
Hokimlik tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi
Foto: «Tashkend Land» Telegram-kanali

Toshkentning Mirzo Ulug‘bek tumanida 12-mart kuni yo‘l o‘tkazgichda yo‘l qismi o‘pirilib tushdi. Hodisa Temur Malik va Buyuk Ipak yo‘li chorrahasida, sobiq «Troitskiy» ko‘prigi yaqinidagi yo‘l o‘tkazgichda yuz bergan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan foto va videolarda yo‘lning tirgak devorining bir qismi yo‘l bilan birga qulab tushgani ko‘rinadi. Yo‘lning qarama-qarshi tomonida ham asfalt qoplamasida yoriqlar paydo bo‘lgani qayd etilgan.

Foto: «Tashkent Land» Telegram-kanali

Mazkur yo‘l 2024-yilda rekonstruksiya qilingan edi. Loyiha doirasida 4 kilometr yo‘lga asfalt-beton qoplama yotqizilib, qatnov qismi 6 – 8 tasma qilib kengaytirilgan. Rekonstruksiya jarayonini prezident Shavkat Mirziyoyev ham borib ko‘rgan.

Toshkent shahar hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, Lunacharskiy ko‘chasidagi yangi tunnel yo‘li yaqinida yuz bergan hodisa oqibatida jabrlanganlar qayd etilmagan. Voqea joyiga zudlik bilan avariya xizmatlari, texnik mutaxassislar va mas’ul tashkilotlar yuborilgan. Hudud o‘rab olinib, xavfsizlik choralari kuchaytirilgan.

Foto: «Tashkent Land» Telegram-kanali

Hokimlik tekshiruv ishlari olib borilayotganini ma’lum qildi. Dastlabki taxminlarga ko‘ra, hodisaga so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik, tuproqning haddan tashqari namlanishi hamda konstruksiyaga tushgan yuklamaning ortishi sabab bo‘lishi mumkin.

«Tekshiruv yakunlanmaguncha, uzil-kesil xulosa chiqarishga hali erta. Dastlabki taxminlar qatorida so‘nggi kunlardagi kuchli yog‘ingarchilik ta’siri, jumladan, tuproqning haddan tashqari namlanishi va konstruksiyaga tushadigan yuklamaning ortishi kabi omillar ko‘rib chiqilmoqda. Shu bilan birga, loyihaviy yechimlar, qurilish-montaj ishlari sifati, drenaj tizimining holati, qurilish nazorati hamda obyektni qabul qilib olish tartibi kabi barcha tegishli holatlar ham tekshirilmoqda», – deyiladi xabarda.

Ma’lumot uchun, ko‘prik Temur Malik ko‘chasini rekonstruksiya qilish loyihasi doirasida qayta qurilgan. Loyiha qiymati 128,6 mlrd so‘mni tashkil etgan. Ko‘prik 2024-yil avgust oyida – Mustaqillik bayrami arafasida foydalanishga topshirilgan edi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri bekatlardagi do‘koni buzilgan tadbirkorlarga turizm ko‘chalaridan joy berilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek